Yakunlanayotgan 2022-yilda “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” faoliyatida bir qator yangiliklar va muhim oʻzgarishlar sodir boʻldi.
Ana shunday katta ahamiyat kasb etgan 10 ta eng muhim voqealarni sarhisob qilindi.
1. Prezident raisligida birja faoliyatiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.
2022-yil 17-mayda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tovar-xom ashyo birjasida savdolarni va unda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilish boʻlib oʻtdi. Davlat rahbari aytganidek, “Birja bu – bozor iqtisodiyotining alifbosi. Undagi savdolar erkin raqobatni shakllantiradi, tadbirkorlar uchun yangi bozorlarni ochadi, “yashirin iqtisodiyot” va korrupsiyani keskin kamaytiradi”. Yigʻilishda mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarishni soddalashtirish, yangi mahsulotlarni birja savdolariga jalb qilish, birjaning tashqi savdo operatsiyalarini kengaytirish va yangi xorijiy savdo maydonchalarni ochish boʻyicha muhim vazifalar belgilangan edi.
2. Mahalliy gʻalla va un mahsulotlari birja orqali sotila boshladi.
Prezidentning qaroriga asosan 1-iyundan un, 1-iyuldan esa gʻalla mahsulotlarini ochiq birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida sotilishi boshlandi. Oʻtgan davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 860,7 ming tonna un hamda 926,7 ming tonna bugʻdoy birja savdolari orqali barcha tadbirkorlik subyektlariga erkin sotildi.
Shu jumladan, 7,7 mingdan ortiq fermer va boshqa bugʻdoy yetishtiruvchilari oʻzlari yetishtirgan 545 ming tonna bugʻdoyni ilk bor ochiq birja savdolarida sotdilar. Bunda, bugʻdoyni sotishda ular birjaning komission yigʻimi va garov mablagʻlari toʻlovidan ozod etildi.
Oʻtkazilgan birja savdolari davomida un va bugʻdoy uchun birja narxlari talab va taklif asosida shakllanib, tuzilgan bitimlar doirasidagi barcha toʻlovlarni amalga oshirilishi birjaning hisob-kitob kliring palatasi orqali kafolatlandi. Yangi bozor sharoitlarida birjaning un va bugʻdoy bozorlari barqarorlikni namoyon etdi.
3. Birjada mahalliy tadbirkorlik subyektlarining ishtiroki kengaytirildi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida 100 mingdan ziyod yangi mijozlar roʻyxatdan oʻtkazildi va bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 marotabaga koʻpdir. Tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarini birjaning istiqbolli tovarlar seksiyasida sotish tartibi soddalashtirildi. Buning natijasida birjaning mazkur tovar seksiyasida 1,1 trln soʻmlik yangi 198 turdagi mahsulotlar sotildi.
Shuningdek, ichki bozorda yuqori likvidli va monopol tovar boʻlmagan mahsulotlar boʻyicha birja komissiya yigʻimlari har bir tomon uchun ikki barobarga qisqartirildi.
4. Davlat xaridlari boʻyicha yangi xizmatlar joriy etildi.
Mahalliy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida birjaning davlat xaridlari boʻyicha etender.uzex.uz elektron savdo tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 15% miqdorida preferensiya qoʻllanilishi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, mazkur tizimda ishtirokchilar takliflarini xolis baholash maqsadida norezident ishtirokchilarga nisbatan qoʻshimcha koeffitsiyent qoʻllash xizmati joriy etildi.
Bundan tashqari, davlat xaridlari boʻyicha tuzilgan shartnomalarga qoʻshimcha kelishuv tuzish, mijoz va ishtirokchi oʻrtasida ochiq elektron chat hamda bitimlar bajarilishini kafolatlashni zakalat mablagʻlari bilan birga garov yoki kafillik shaklida taʼminlash tartibi ham joriy etildi.
5. Birja tovarlarining logistikasi raqamlashtirildi.
Yuk tashish sohasida shaffoflikni taʼminlash va sogʻlom raqobatni rivojlantirish maqsadida joriy etilgan birjaning e-logistika.uzex.uz elektron logistika portalida onlayn savdolar faollashtirildi. 2022-yil boshidan buyon mazkur portalda 12,8 mlrd soʻmlik 7,4 mingdan ziyod shartnomalar tuzildi.
Birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish mazkur portal orqali narxlarni pasayishga qaratilgan auksion tartibida amalga oshirilmoqda. Birja savdolarida xarid qilingan mahsulotlarni yuklab berish ketma-ketligi esa “shaffof navbat” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.
6. Birjaning xorijiy savdo maydonchalari soni oshmoqda.
Xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan birjaning savdo maydonchalari soni 34 ga yetdi. Xususan, 2022-yilda birjaning xorijdagi yangi tayanch ofislari Polsha, Turkiya, Ozarbayjon va Tojikiston kabi mamlakatlarda ochildi.
Yangi xorijiy savdo maydonchalarini ochishdan ko`zlangan asosiy maqsad birja savdolarining bozor mexanizmlaridan foydalangan holda tadbirkorlar va tovar ishlab chiqaruvchilarning O'zbekiston va boshqa davlatlarning tovar bozorlariga erkin kirishini ta’minlash hamda ichki bozorlarda talab yuqori bo`lgan mahsulotlar uchun narxlar barqarorligini ta’minlashdan iboratdir.
Bugungi kunda mahalliy birjada 2300 ta xorijiy faol norezidentlar faoliyat yuritmoqda. Qozog`istonda tashkil qilingan 7 ta savdo maydonchalari orqali 118 dan ortiq un va bug`doy ishlab chiqaruvchi yirik korxona va treyderlarning 325,8 mln AQSh dollarlik 905,2 ming tonna bug`doy va 224,1 ming tonna un mahsulotlari mahalliy un ishlab chiqaruvchi, parrandachilik va ozuqa em ishlab chiqaruvchi korxonalariga sotildi.
Xorijiy savdo maydonchalarning faollashuvi natijasida 2022 yilda O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida 501,3 mln AQSh dollarlik tashqi savdo bitimlari tuzildi.
7. Birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish bo`yicha Prezident qarori qabul qilindi.
Birja savdo operatsiyalarini yanada kengaytirish, tovar-xom ashyo birjalari va ularning professional ishtirokchilari faoliyatini tartibga solishni takomillashtirish maqsadida “Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Yangi qaror bilan birja faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan tadbirkorlarni birja savdolari va davlat xaridlarida ishtirok etishni engillashtirish, birja orqali sotiladigan mahsulotlar ro`yxatini kengaytirish, eksport-import savdo hajmlarini oshirish va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash bo`yicha muhim vazifalar belgilandi.
8. Xorijiy hamkorlar bilan aloqalar kengaytirildi.
2022-yilda O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi Tashqi ishlar vazirligi va O`zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari ko`makligida Dalyan tovar birjasi (DsE), Pokiston tovar birjasi (RMEX), Dubay ko`p tarmoqli tovar va xom ashyo markazi (DMss), Dubay oltin va tovar birjasi (DGsx), Malayziya birjasi (Bursa Malayziya), Singapur birjasi (СГх Гроуп), Tel-Aviv birjasi (ТАСЕ) va Ictanbul birjasi (BIST) bilan hamkorlik aloqalari yo`lga qo`yildi.
Shuningdek, Yevro-Osiyo fond birjalari federatsiyasi (ФЕАС), Fyuchers bozorlari assosiasiyasi (АФM) va MDH Xalqaro birjalar assosiasiyasi, AQSh Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (sLDP) va Tovar birjalari bo`yicha komissiyasi (сФТс) bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi.
9. Davlat zaxiralari bo`yicha ixtisoslashtirilgan platforma ishga tushirildi.
Davlat zaxiralari mahsulotlarini auksion tartibida xarid qilish va sotishni tashkillashtirish hamda barcha savdo ishtirokchilari uchun teng sharoitlarni yaratib berish maqsadida birjaning davzaxira.uzex.uz yangi ixtisoslashtirilgan elektron savdo platformasi ishga tushirildi.
Platformadagi onlayn-auksionlar “O`zdavzaxira” qo`mitasi va “O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” tomonidan 2022-yil 22-sentabrda tasdiqlangan savdo qoidalariga muvofiq birjaning an’anaviy ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillari asosida o`tkazilmoqda.
10. Birja savdolari bo`yicha kengroq tushuntirish berildi.
Respublika tumanlarida bug'doyni birja orqali samarali sotilishini yo'lga qo'yish maqsadida O'zbekiston Savdo sanoat palatasining 200 dan ziyod xodimlari va fermer xo'jaliklarining qariyb 1400 ta buxgalterlari treyderlikka o'qitildi hamda 20 mingdan ziyod fermerlar uchun maxsus o'quv seminarlari tashkil etildi.
Buning natijasida O'zbekistonning barcha tumanlarida Savdo-sanoat palatasi huzurida birjaning jami 208 ta yangi savdo maydonchalari ochildi va 200 dan ziyod yangi treyderlar akkreditatsiyadan o'tkazildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92103 | Инструменты