2024-yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining birja savdolari orqali 2 912,1 kilogramm oltin va kumush sotildi.
Shu jumladan, birja orqali 2 535,1 kg oltin sotildi. Oltinning birja kotirovkasi 1 gramm uchun 977,5 ming so‘mni tashkil etdi. Kumushning sotilish hajmi 377,0 kg ga teng bo‘lib, uning 1 gramm uchun o‘rtacha narxi 11 325,2 so‘mga teng bo‘ldi.
2025-yil yanvar oyida birja orqali tadbirkorlar tomonidan 195,7 kilogramm oltin sotib olingan. Joriy yilning yanvar oyi uchun 1 gramm oltinning o‘rtacha narxi 1 122,2 ming so‘mni tashkil etdi.
Qimmatbaho metallarning boshlang‘ich narxi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining birja bitimi tuzilgan sanadagi kursi bo‘yicha milliy valyutada London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining so‘nggi tonggi fiksingi asosida belgilanadi.
Hozirda oltinning 1 unsiyasi uchun Londonning qimmatbaho metallar bozori uyushmasining fiksing narxi 2 931,9 AQSH dollarni belgilagan.
Birja bozorida “Olmaliq KMK” AJ va “Navoiy KMK” AJ qimmatbaho metallarni sotuvchilari sifatida ishtirok etmoqda. Sanoatda ishlatiladigan mahsulotlarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar, hamda zargarlik buyumlar ishlab chiqaruvchilar qimmatbaho metallarning xaridorlari hisoblanadi.
Maʼlumot uchun: Troy unsiyasi qimmatbaho metallar savdosida asosiy o‘lchov birligi sifatida foydalaniladi. Bir troy unsiyasi 31,1 grammga teng.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30314 | Инструменты