Huawei 1
1-sentyabrdan boshlab davlat qimmatli qog‘ozlari daromadlilik egri chizig‘ini avtomatik tarzda hisoblash mexanizmi joriy qilinadi

Moliya bozori ishtirokchilarining foiz stavkalari va makroiqtisodiy kutilmalarini o‘rganish, qarz majburiyatlari bo‘yicha muddatlar va foiz stavkalari o‘rtasidagi bog‘liqlik to‘g‘risida maʼlumot taqdim etish va iqtisodiyot subyektlarining investitsion qaror qabul qilishiga ko‘maklashish maqsadida Markaziy bank tomonidan Davlat qimmatli qog‘ozlari daromadlilik egri chizig‘ini hisoblash va eʼlon qilish tartibi ishlab chiqildi.

Mazkur tartib asosida joriy yilning 1-sentyabridan boshlab davlat qimmatli qog‘ozlari daromadlilik egri chizig‘i har hafta Markaziy bankning rasmiy veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilib boriladi.

Daromadlilik egri chizig‘i Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan chiqarilgan davlat obligatsiyalari va Markaziy bankning likvidlikni boshqarishda qo‘llaniladigan obligatsiyalari daromadliligi bo‘yicha maʼlumotlar asosida hisoblanadi.

Davlat qimmatli qog‘ozlari daromadlilik egri chizig‘ini hisoblashning nazariy Metodologiyasi Markaziy bankning rasmiy veb-sahifasiga joylashtiriladi va bozor ishtirokchilari mavjud maʼlumotlar asosida daromadlilik egri chizig‘ini mustaqil hisoblash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ushbu daromadlilik egri chizig‘idan davlat qimmatli qog‘ozlari va kapital bozorining boshqa instrumentlarining bozor qiymatini baholash hamda ushbu instrumentlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishda risk parametrlarini belgilash uchun foydalanish mumkin bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90806 | Инструменты