Soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari 2022-yildagi soliq tushumlari va 2023-yildan soliq ma’murchiligiga joriy etiladigan o‘zgarishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Ortda qolgan yilda respublika bo‘yicha soliq organlari tomonidan 148,4 trln so‘m soliq tushumlari ta’minlandi. Bu 2021-yilga nisbatan 20,4 trln so‘mga yoki 16% ga ko‘p.
Jumladan, mol-mulk solig‘idan 4 trln so‘m, yer solig‘idan 5,3 trln so‘m, aylanmadan olinadigan soliqdan 2,5 trln so‘m, qo‘shilgan qiymat solig‘idan 32,8 trln so‘m, jismoniy shaxslar daromad solig‘idan 24,3 trln so‘m to‘langan.
Hududlar kesimida tahlil qilinsa, Toshkent shahrida 21,3 trln so‘m, Farg‘ona viloyatida 4,3 trln so‘m, Samarqand viloyatida 4,2 trln so‘m, Buxoro viloyatida 3,2 trln so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2,4 trln so‘m, tushumlar ta’minlangan.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni 2023-yil 1-yanvar holatiga ko'ra, 175 ming 604 taga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 32 ming 693 ta ko‘paygan.
Soliq solish bo‘yicha qonunchilikka kiritilgan asosiy yangiliklar
2023-yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi (QQS) 15% dan 12% gacha pasaytirildi. Shu sanadan barcha realizasiyalarda QQS stavkasi 12% ko‘rsatilishi lozim.
QQS salbiy farq summasini qoplash yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish muddati 60 kundan 30 kungacha qisqartirildi.
Aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4% dan 25% gacha belgilangan stavkalari unifikasiya qilinib, 4% miqdoridagi yagona stavka belgilandi. Bunda ayrim soliq to‘lovchilar uchun Soliq kodeksida belgilangan 3, 2 va 1 foizli stavkalar saqlanib qoldi.
Tadbirkorlik subyektlariga aylanmalaridan kelib chiqib soliq to‘lashda yengilliklar berildi.
Xususan, tadbirkorlar ixtiyoriy asosda jami daromad summasi 500 mln so‘mdan oshmaganda yiliga 20 mln so‘m, 500 mln so‘mdan oshganda yiliga 30 mln so‘m qat’iy belgilangan summani to‘lashga o‘tishni tanlashga haqli.
Bunda yillik summa teng ulushlarda har oyda, kalendar oydan keyingi oyning o‘n beshinchi kunidan kechiktirmay to‘lanadi. Mazkur soliqni to‘lashga o‘tish uchun keyingi oy boshlanishidan 10 kun oldin, 2023 yil 1-yanvardan o‘tish uchun esa 25-yanvardan kechiktirmay xabarnoma taqdim etishlari lozim. Yangi tashkil etilgan soliq to‘lovchilar davlat ro‘yxatidan o‘tishda qat’iy belgilangan summada soliq to‘lashni tanlashga haqli.
Qat’iy belgilangan summada soliq to‘lovchilarning dividendlar tarzida olinadigan daromadlariga soliq solinmaydi va aylanmadan olinadigan soliq hisobotini taqdim etmaydi.
2022-yil 1-sentyabrdan foyda solig‘ini to‘lashga o‘tgan jami daromadi 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilarga 2023-yil 7,5% stavkada bir yil davomida, jami daromadi 10 mlrd so‘mdan oshganlarga 2 yil davomida 7,5% stavkada foyda solig‘ini to‘lash huquqi berilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120105 | Инструменты