Milliy statistika qo‘mitasi aholini ro‘yxatga olish natijalari asosida yangilangan demografik ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, joriy yil boshida mamlakat aholisining o‘rtacha yoshi 29,6 yoshni (ayollarda 30,2, erkaklarda 29,1 yosh) tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida (33,6 yosh), eng pasti esa Surxondaryo viloyatida (27,4 yosh) qayd etilgan.
Avvalgi joriy hisob-kitoblarda o‘zbekistonliklarning o‘rtacha yoshi 29,5 yosh deb baholangan edi. Biroq aholini ro‘yxatga olish natijalaridan so‘ng o‘tkazilgan qayta hisob-kitoblar bu ko‘rsatkich amalda 0,1 yoshga yuqori — 29,6 yosh ekanini ko‘rsatdi.
Demografik manzaraning yana bir muhim jihati gender tafovutida namoyon bo‘lmoqda: mamlakatda ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 1,1 yoshga kattaroq. Xususan, erkaklarning o‘rtacha yoshi 29,1 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, ayollarda bu ko‘rsatkich 30,2 yoshga teng. Bu holat odatda ayollar orasida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi yuqoriroq ekani bilan izohlanadi.
Uzoq muddatli tendensiya: 27 yoshdan 29,6 yoshgacha
Agar raqamlarga 16 yillik dinamikada nazar tashlansa, o‘zgarish ko‘lami yanada yaqqolroq ko‘rinadi. 2010-yilda O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi roppa-rosa 27 yosh bo‘lgan. 2026-yil boshiga kelib bu ko‘rsatkich 2,6 yoshga oshdi.
Bu nimani anglatadi? O‘zbekiston hamon yosh va mehnatga layoqatli aholi ulushi yuqori bo‘lgan «demografik dividend» bosqichida turibdi. Biroq 30 yoshlik marraga yaqinlashish aholi tarkibida o‘rta va katta yoshlilar qatlami asta-sekin kengayib borayotganidan darak beradi. Bu esa o‘z navbatida iqtisodiyot oldiga nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish, balki sog‘liqni saqlash va pensiya tizimini uzoq muddatli istiqbolga moslashtirish vazifasini ham qo‘yadi.
Hududlar kesimidagi tafovut: eng «yosh» va eng «katta» hududlar
Statistik ma’lumotlar mamlakat hududlari o‘rtasidagi demografik farq 6 yildan ortiq ekanini ko‘rsatmoqda.
"Eng yoshi katta" hududlar: Ro‘yxatni poytaxt boshqarib turibdi — Toshkent shahrida aholining o‘rtacha yoshi 33,6 yoshga yetgan (respublika ko‘rsatkichidan 4 yoshga yuqori). Undan keyingi o‘rinlarda Navoiy (31 yosh), Qoraqalpog‘iston (30,9 yosh) va Buxoro (30,8 yosh) joylashgan. Shuningdek, Toshkent (30,1 yosh), Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida (30 yoshdan) ham o‘rtacha yosh 30 yoshlik chegaradan o‘tgan. Bu hududlarda, ayniqsa poytaxtda o‘rtacha yoshning yuqoriligi urbanizatsiya darajasi, tug‘ilish koeffitsiyentining nisbatan pastligi hamda ichki migratsiya (ishlash va o‘qish uchun yoshlar va o‘rta yoshlilarning ko‘chib kelishi) bilan bog‘liq.
"Eng yosh" hududlar: Aholisi eng yosh hudud maqomini Surxondaryo viloyati saqlab qolmoqda — bu yerda o‘rtacha yosh 27,4 yosh. Kuchli uchlikdan Qashqadaryo (27,8 yosh) va Jizzax (27,9 yosh) viloyatlari ham o‘rin olgan. Ushbu viloyatlarda 2010-yildagi respublika darajasiga yaqin ko‘rsatkichlar saqlanib qolayotgani yuqori tug‘ilish sur’atlari va ko‘p bolali oilalar ulushi bilan izohlanadi.
O‘rtacha daraja: Sirdaryo viloyati (29,6 yosh) respublika ko‘rsatkichi bilan bir xil natija qayd etgan bo‘lsa, Andijon (29,3 yosh), Namangan (28,8 yosh) va Samarqand (28,4 yosh) viloyatlari mamlakat o‘rtacha darajasidan biroz pastroqda joylashgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112513 | Инструменты