Huawei 1
2023-yil III chorakda O‘zbekiston banklari reytingi yangilandi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2023-yil III chorakda O‘zbekiston banklari reytingini yangiladi. Unga ko‘ra, davlat ulushiga ega yirik banklar orasida “Xalq bank” va “Agrobank”, xususiy banklardan “Infinbank” o‘z pozisiyalarini bir vaqtning o‘zida ikki punktga yaxshiladi.
“Ipoteka bank” umumiy reytingda uchta pozisiya yo‘qotib, mamlakatdagi banklar orasida 10 o‘rinni egallab turibdi. Kichik banklar orasida “Universal bank”, “TBC bank”, “Tenge bank” va “Poytaxt bank” umumiy hisobda bittadan pozisiyalarini yo‘qotgan.  

Tadqiqot har chorakda xususiy sektorning bank aktivlaridagi ulushining o‘zgarishlarini kuzatish, bank sektoridagi islohotlar va transformatsiya jarayonlarining samaradorligini baholash maqsadida o‘tkaziladi. Indeks ikki guruhga ajratilgan bo‘lib,  29 ta tijorat banklari, xususan,  17 ta yirik  va 12 ta kichik banklar uchun hisoblanadi. 27 turdagi koeffisiyentlarni guruhlash, taqqoslash va reytinglash asosida aniqlanadi.  

Bank tizimining asosiy ko‘rsatkichlari 2022 yilga nisbatan o‘sishiga qaramay, jalb qilingan depozitlar umumiy hajmining o‘sish sur’ati keskin kamaygan. Xususan, respublika bank tizimining aktivlari 2023 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra 611,4 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga o‘sgan, majburiyatlar 15 foizga oshib, 524,7 trln. so‘mga, kreditlar qoldig‘i 25 foizga o‘sib, 444,7 trln. so‘mga yetgan. Depozitlar qoldig‘i esa 220,5 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 7 foizga o‘sgan bo‘lsada, o‘tgan yilgi 56,7 foizlik o‘sishga nisbatan keskin sekinlashgan.  

Yil davomida bank tizimidagi jami depozitlardagi xorijiy valyutadagi omonatlarning ulushi 10 foizga – 42,6 foizdan 32,3 foizgacha kamaygan. 

III chorakda banklar rentabelligi ko‘rsatkichlari o‘sish sur’atlarida sezilarli pasayish kuzatildi. Yil davomida, banklarning foizli daromadlari o‘sishi 2,4 foiz kamaydi va 33,5 foizni tashkil etdi. Foizsiz daromadlari o‘tgan yilning III choragiga nisbatan 21,4 foiz o‘sgan bo‘lsada, o‘sish sur’ati 63 foiz pasayganligini ko‘rsatdi. Sof foyda o‘sish sur’ati 49,2 foizdan 8,3 foizgacha tushib ketdi. 

Bank tizimining yuqori likvidli aktivlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,9 foizga kamaydi va ularning yil davomida jami aktivlardagi ulushi 21,4 foizdan 14,4 foizgacha kamaygan.  

Bank tizimining moliyaviy barqarorligi ko‘rsatkichlari Bazel III ning minimal talablaridan yuqori bo‘ldi. Bu bank tizimining barqarorligini, shu jumladan moliyaviy-iqtisodiy inqirozlar, ma’lumotlarning shaffofligi va oshkoraligi, risklarni boshqarish sifati yaxshilanganidan dalolat beradi. Xususan, regulyativ kapital va 1-darajali kapitalining nisbati mos ravishda 15,9 foiz va 13,3 foizni tashkil etib, minimal talablardan 1,3 baravar yuqori edi.    

Aholining bank tizimidan foydalanish faolligi sezilarli darajada oshdi. Agar o‘tgan yilning III choragida kredit portfelining 24,5 foizi jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan bo‘lsa, yil davomida ularning ulushi 6 foiz punktga oshdi va 30,2 foizni tashkil etdi. Yuridik shaxslar uchun mos ravishda 75,5 foizdan 69,8 foizgacha kamaydi.  

Shu bilan birga, jismoniy shaxslarning depozitlari qoldig‘i 8 foizga o‘sdi va 35,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yuridik shaxslarning depozitlari 73,2 foizdan 64,1 foizgacha kamaydi.  

Mamlakatdagi 17 ta yirik banklar orasida esa umumiy reytingda uchta bank o‘z o‘rinlarini ikki pog‘onaga yaxshilagan.  

“Xalq bank” likvidlik ko‘rsatkichlarida sezilarli darajada, birdaniga 5 pog‘onaga oshib, shu bilan birga moliyaviy vositachilik, kapitalning yetarliligi va aktivlar sifati ko‘rsatkichlarida ham bir pog‘ona yuqoriladi.  

“Agrobank”moliyaviy vositachilik ko‘rsatkichlarini (+2 pog‘ona) va “Invest finans bank” kapital yetarliligi ko‘rsatkichlarini (+5 pog‘ona) yaxshilagan.  

III chorak yakunlariga ko‘ra, yana uchta bank bitta pog‘onaga ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bular – “Aziya Alyans bank”, “Trast bank”va“O‘zsanoatqurilishbank”.  

“Kapital bank”, “Aloqa bank”, “Mikrokreditbank”, “Turon bank” va “Asaka bank” tijorat banklari umumiy reytingda o‘z o‘rinlarini saqlab qoldi.

Moliyaviy vositachilik bo‘yicha reytingda “O‘zmilliybank” so‘nggi 17-o‘rinni saqlab qoldi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha “Asaka bank” va “Oriyent Finans bank” 1 pog‘onaga, “Ipak yo‘li bank”va“Kapital bank” 2 pog‘onaga, “Hamkorbank” 3 pog‘onaga pastlagan.  

Daromadlilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha “Asaka bank” eng quyi o‘rinni saqlab qoldi va ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha “Xalq bank” va “Turon bank” 2 pog‘onaga, “O‘zmilliybank” va “Aziya Alyans bank” 1 pog‘onaga pastlagan.  

Boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha“Mikrokreditbank”so‘nggi 17-o‘rinni saqlab qoldi. Shuningdek, yirik davlat banklari orasida “Xalq bank”, “Qishloqqurilish bank” va “Asaka bank” pasayish qayd etgan bo‘lsa, “Ipoteka bank” keskin 8 pog‘ona yo‘qotgan.  

Uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, “Kapital bank”yirik banklarning umumiy reytingida yetakchilikni saqlab qoldi, “Aziya Alyans bank” esa 1 pog‘onaga ko‘tarildi va umumiy reytingda ikkinchi o‘rinni egallab, “Hamkorbank” bilan o‘rinlarni almashtirdi.  

“Davr bank”kichik banklar reytingida yetakchilikni saqlab qoldi, “Ziraat bank” esa 2 pog‘onaga ko‘tarilib, reytingda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi va “Universal bank” va “TVS bank” 1 pog‘onaga tushib, uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan.  

Bundan tashqari, “Tenge bank” va “Poytaxt bank” reytingda 1 pog‘onaga pasaygan bo‘lsa, “Madad invest bank” va “Anor Bank” esa 1 o‘ringa ko‘tarilgan. Qolgan banklar o‘tgan davrga nisbatan o‘z o‘rinlarini saqlab qoldi.  

“Poytaxt bank”, davlat ulushiga ega bo‘lgan yagona kichik bank, “aktivlar sifati” va “likvidlik” ko‘rsatkichlari bo‘yicha 2 pog‘onaga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo “moliyaviyo ommaboplik” va“boshqaruv samaradorligi” bo‘yicha 1 pog‘onaga pastlagan va bu esa bankning umumiy reytingda 1 pog‘onaga pastlashishiga sababchi bo‘ldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72715 | Инструменты