Markaziy bankning naqd pul muomalasi bo‘yicha qisqacha sharhida qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar miqdori 740 trln. co‘mni tashkil qilib, 2023 yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga oshgan.
Mazkur holat muomaladagi naqd pullarning yil boshiga nisbatan 16 foizga oshgani holda, aholining daromadlari ko‘payishi va xarid qobiliyatining o‘sishi hisobiga yuzaga keldi.
Bank kartalari egalari ushbu davrda kartalaridagi 167 trln. so‘m pul mablag‘larini naqdlashtirib olgan bo‘lib, shundan, 140 trln. so‘mi bankomatlar orqali yechilgan.
Bank kartalarga kelib tushgan mablag‘larning naqdlashtirib olinishi ulushi yildan yilga kamayib bormoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich, 2022 yilda 27,4 foizni, 2023 yilda 24,4 foizni, 2024 yilda 22,6 foizni tashkil qilgan.
Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotni zarur miqdorda naqd pullar bilan taʼminlash hamda ortiqcha naqd pullarni muomaladan qaytarib olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2024 yil yanvar-sentyabr oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 727 trln. so‘mni (naqd pul tushumlari – 360 trln. so‘m, berilgan naqd pullar – 367 trln. so‘m) tashkil etgani holda, 2023 yilning mos davriga nisbatan 23 foizga oshdi.
Jumladan, banklarga naqd pul tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 66 trln. so‘mga yoki 23 foizga o‘sdi.
Bank xizmatlaridan naqd pul tushumlari 23 trln. so‘mga, savdo tushumlari 19 trln. so‘mga va pullik xizmatlardan tushumlar 13 trln. so‘mga oshdi.
Bahor-yoz mavsumlarida iqtisodiy faollikning o‘sishi hisobiga naqd pulga talabning oshishi Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha naqd pullar chiqarilishini taqozo etdi. Jumladan, Markaziy bank tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida muomalaga qo‘shimcha 8 trln. so‘m naqd pullar chiqarildi va 1 oktyabr holatiga naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 20,7 foizni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 foiz bandga pasaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112407 | Инструменты