Huawei 1
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvi energiya tariflari o‘zgarishining inflyatsion kutilmalarga taʼsirini jilovlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʼiy fazada saqlab qolish va asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Iqtisodiyotda yuqori yalpi talab va ikkilamchi taʼsirlar tomonidan inflyatsion xatarlarning mavjudligi sharoitida inflyatsiyani prognoz gorizontida 5 foizlik target ko‘rsatkichigacha pasaytirish maqsadida Markaziy bank kelgusida ham ijobiy real foiz stavkalarini yetarli darajada saqlab qolish choralarini ko‘radi.

May oyida umumiy inflyatsiya uy xo‘jaliklari uchun energiya resurslari narxlari oshirilishi hisobiga tezlashib, yillik 10,6 foizni tashkil etdi. Energiya narxlari taʼsirisiz inflyatsiya darajasi oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining sezilarli mavsumiy pasayishi hisobiga 6,8 foiz doirasida shakllandi.

Umumiy inflyatsiyaga monetar omillar taʼsiri kamayib borishi hisobiga bazaviy inflyatsiya dinamikasining pasayuvchi tendensiyasi davom etib, may oyida 6,3 foizga teng bo‘ldi. Xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yil boshidan biroz pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi.

Inflyatsiyaning barqaror komponentlarida pasayuvchi tendensiyaning davom etishi bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi keng qamrovli tus olayotganligini ko‘rsatmoqda. Xususan, isteʼmol savatidagi 70 foizdan ortiq tovar va xizmatlarda narxlar o‘sishi o‘tgan yildagi ko‘rsatkichlarga nisbatan sekinlashgan.

Aprel oyidagi energiya tariflari o‘zgarishi borasidagi muhokamalar hamda ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi taʼsirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari oshib, mos ravishda 14,0 va 13,3 foizga teng bo‘ldi. May oyida aholi kutilmalari 14,0 foiz darajasida o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa, tadbirkorlarning kutilmalari 12,7 foizgacha pasaydi. Tariflar o‘zgarishining inflyatsion kutilmalarga taʼsiri dastlab prognoz qilinganidan ko‘ra pastroq shakllanmoqda.

Bu, o‘z navbatida, makroiqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari va yil yakunida inflyatsiya darajasining asosiy ssenariy prognozlari doirasida bo‘lishiga xizmat qiladi.

Joriy yilning yanvar-may oylaridagi muqobil statistik maʼlumotlarga ko‘ra, iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Xususan, yanvar-may oylarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan savdo va pullik xizmatlardan tushumlar 37,4 foizga va iqtisodiyot subyektlarining banklar orqali to‘lovlari hajmi 36,4 foizga ko‘paydi. Pul o‘tkazmalari hajmi 21 foizga oshib, aholi daromadlarining real o‘sishini qo‘llab-quvvatlovchi muhim omillardan bo‘lmoqda.

Yanvar-may oylarida banklar tomonidan 102 trln. so‘mlik yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 foizga ko‘p kreditlar ajratilgan. Ushbu davrda aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari 21 foizga, bank hisobvarag‘iga ega aholi soni 6,1 foizga va ularning hisobvaraqlari soni 14,8 foizga ko‘paygan.

Xizmatlar sohasi va ishlab chiqarish sanoatidagi barqaror o‘sish surʼatlari iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘lib, investitsion faollikning yuqoriligi ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi taʼsirida mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talab yuqoriligicha saqlanib qoladi.

Asosiy eksport tovarlari narxining xalqaro bozorlarda yuqori shakllanishi va importga bo‘lgan talabning normallashuvi sharoitida tashqi savdo manfiy balansining birmuncha qisqarishi taxmin qilinmoqda.

Iqtisodiyotga turli kanallar orqali valyuta oqimlarining ortishi va unga bo‘lgan talabning barqarorlashishi bilan birga may oyidagi ichki inflyatsiya hisobiga real almashuv kursining maʼlum darajada mustahkamlanishi kutilmoqda.

Banklararo pul bozorida taʼminlangan operatsiyalar ulushining ortib borishi kredit xatarining va mos ravishda foiz stavkalarining maʼlum darajada pasayishiga xizmat qiladi. Barqarorlashgan likvidlik holati va makroprudensial choralar taʼsirida chakana kreditlar o‘sishi muvozanatlashmoqda.

Pul-kredit sharoitlarining joriy darajada saqlab qolinishi iqtisodiy o‘sish surʼatlariga salbiy taʼsir ko‘rsatmagan holda milliy valyutada jamg‘arishni rag‘batlantirishga hamda bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikada davom etishiga zarur sharoitlarni yaratadi.

Shu bilan birga, asosiy savdo hamkorlar bilan bog‘liq tashqi noaniqliklarning kuchayishi fonida shakllanib boradigan tashqi iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib pul-kredit siyosati choralariga tegishli to‘g‘rilashlar kiritib boriladi.

Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qatʼiy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga hamda inflyatsion kutilmalarning shakllanishiga alohida eʼtibor qaratadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 25-iyulga belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты