Huawei 1
Vengriyada "O'zbek tili do'stlari klubi" tashkil etiladi

O'zbekistonning Vengriyadagi elchixonasida 21-oktabr – "O'zbek tili bayrami kuni" munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Ushbu tadbir o'zbek tilini va madaniyatini xorijda ommalashtirish, shuningdek, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish maqsadida tashkil etildi. Unda Vengriya ilmiy va akademik doiralari vakillari, professorlar, talabalar hamda faol vatandoshlar ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov o'zining tabrik nutqida o'zbek tilining mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi ahamiyatini ta'kidladi. Diplomat o'zbek tili nafaqat muloqot vositasi, balki o'zbek xalqining madaniy merosi va tarixiy an'analarini saqlashda muhim rol o'ynashini aytib o'tdi. Shuningdek, u, o'zbek tilini o'rganishning yosh avlod uchun qanchalik muhimligini ta'kidlab, ona tilimiz yordamida o'zbek madaniyatini yana-da chuqurroq anglash imkoniyatlari mavjudligini qayd etdi.

Ishtirokchilar o'zbek tilining xalqaro maydonda qanday rivojlanayotganini, uning o'ziga xos xususiyatlarini va ta'lim sohasidagi o'rni haqida fikr almashdilar. Vengriya ilmiy doiralari vakillari, o'zbek tilini o'rganayotgan talabalar uchun mavjud imkoniyatlar va resurslar haqida so'zlab berdilar. Ular, o'zbek tilini o'rganish jarayonining qanchalik qiziqarli va samarali bo'lishi mumkinligini namoyish etdilar.

Tadbirda o'zbek tilini o'rganish va targ'ib qilish maqsadida elchixona huzurida "O'zbek tili do'stlari klubi"ni tashkil etishga kelishildi. Ushbu klub o'zbek tilini o'rganishga qiziqqan barcha uchun platforma bo'lib xizmat qiladi. Klub doirasida turli tadbirlar, darslar va madaniy almashuvlar o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Benedek Peri, Lorand Etvosh nomidagi Budapesht universitetining Sharqshunoslik instituti direktori, Turkshunoslik bo'limi mudiri, rektorning turkshunoslik va Markaziy Osiyo bo'yicha komissari:

– Fursatdan foydalanib, butun o'zbek xalqini o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman. Alisher Navoiy asoslarini yaratgan bu ajoyib tilingizni asrab-avaylash va qadrlash uchun sa'y-harakatlaringizni hech qachon ayamaslikni so'rardim. Meni o'zbek tili va adabiyotining bu ajoyib olami bilan tanishtirgan ajdodim Armin Vamberi va avval yashab-ijod etgan barcha intellektual mulk sohiblaridan juda minnatdorman.

O'zbek tiliga mehrim bolaligidan otamdan o'tgan. Chunki ota-bobolarimiz Xunlar (Vengriyaliklar qadimiy ajdodlari) – turkiylarga borib taqaladi. Hozirgi kunda "Boburnoma" asarini vengr tiliga tarjima qilish ustida ishlayapman. O'zbekistonlik tarjimon va navoiyshunos olimlar bilan birgalikda Alisher Navoiy g'azallarini ham vengr tiliga tarjima qilish istagim bor.

Ondroj Seytner, Lorand Etvosh nomidagi Budapesht universiteti o'qituvchisi, professor:

– "O'zbek tili bayrami kuni" bilan xalqingizni tabriklayman. O'zbek tili — bu boy va qiziqarli madaniyatning kalitidir. Biz Vengriyadagi o'zbek tilini o'rganayotgan talabalar uchun ko'proq resurslar va imkoniyatlar yaratishga harakat qilayapmiz. O'zbekiston hukumati tomonidan Vengriyada dars berish uchun o'zbek tili mutaxassislari yuborilsa, bu yo'ldagi ulkan qadam bo'lar edi.

Tadbir, o'zbek tilining Vengriyadagi tarixi, ahamiyati va madaniyati haqida ko'plab yangi g'oyalar va loyihalar uchun asos bo'ldi. Ishtirokchilar kelgusida hamkorlikda yangi tadbirlar va dasturlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Vengriyalik ekspert B.Peri uning eng katta orzusi vengriya oliy o'quv yurtlarida o'zbek tili kurslarini tashkil etish ekanligini ma'lum qildi. "2025-yil sentyabr oyidan boshlab Lorand Etvosh universitetida o'zbek tili kurslari muntazam tashkil etiladi", - dedi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102220 | Инструменты