Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2024 yilning III choragi uchun "Bank faollik indeksi"ni yangiladi, u mamlakatdagi 31 ta tijorat banklari uchun, banklarning hajmiga qarab 17 ta yirik va 14 ta kichik banklarga guruhlangan holda hisoblab chiqilgan.
Indeks 27 turdagi koeffitsiyentlarni guruhlashtirish, respublika o‘rtacha koeffitsiyenti yoki Bazel qo‘mita talablari bilan solishtirish va reytinglash asosida aniqlanadi. Ushbu reyting O‘zbekistonda bank sektori barqarorligini baholashning muhim vositasi bo‘lib, mamlakat moliya tizimini yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi xususiy sektorning bank aktivlaridagi ulushi dinamikasini monitoring qilish, bank sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini baholashdan iborat.
2024 yilning III choragida O‘zbekistondagi yirik banklar reytingida barqarorlik kuzatildi, bu esa bank tizimi barqarorligi oshib borayotganidan dalolat beradi. Reytingning birinchi oltiligi o‘z pozitsiyalarini saqlab qolishgan bo‘lsa, “Mikrokreditbank” va “O‘zsanoatqurilishbank” moliyaviy ommaboplik va likvidliligidagi ijobiy o‘zgarishlar sababidan, ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi kuzatildi. Biroq, bir qator yirik banklar qiyinchiliklarga duch kelmoqda va boshqaruv strategiyalarini moslashtirish zarurati mavjud.
2024 yilning III choragidagi yirik banklar faolligi reytingi
O‘zbekistondagi eng yirik banklarning 2024 yilning uchinchi choragidagi yangilangan reytingi banklar pog‘onalarining turlicha dinamikasini ko‘rsatdi. 17 ta yirik banklar orasida to‘rttasi o‘z o‘rinlarini saqlab qola olmadi, uchta bank esa o‘z pozitsiyalarini yaxshiladi. Shu bilan birga, 10 ta bank o‘z pog‘onplarini o‘zgarishsiz saqlab qolishdi, bu esa bank sektorda raqobatning kuchayganligini ko‘rsatadi.
Yirik banklar reytingida Top 6 banklar Kapital bank, Trast bank, Aziya Alyans bank, Hamkor bank, Ipak yo‘li bank, Oriyent finans bank o‘z o‘rinlarini saqlab qoldi.
“Mikrokreditbank” joriy chorakda eng yaxshi natijani ko‘rsatib, o‘z pozitsiyasini birdaniga ikki pog‘onaga yaxshiladi va reytingda 11-o‘rinni egalladi.
O‘zsanoatqurilish bank moliyaviy ommaboplik bo‘yicha va aktivlar sifati bo‘yicha 1 pog‘onaga, likvidlilik bo‘yicha birdaniga 3 pog‘onaga ko‘tarilganligi sababli umumiy reytingda o‘z o‘rnini 1 pog‘onaga yaxshilagan.
Davlat ulushi mavjud yirik banklardan Xalq banki umumiy reytingda 1 pog‘onaga ko‘tarilishiga moliyaviy ommaboplik va likvidlilik bo‘yicha 1 pog‘onaga, boshqaruv samaradorligi bo‘yicha 2 pog‘onaga yuqorilashishi turtki bergan.
O‘zmilliybankning umumiy reytingda 1 pog‘onaga tushib ketishi 2 ta asosiy ko‘rsatkichlarda: boshqaruv samaradorligi - 2 pog‘onaga va likvidlilik bo‘yicha - 1 pog‘onaga pasaygani bilan izohlanadi.
Shuningdek, Biznesni rivojlantirish banki moliyaviy vositachilik ko‘rsatkichi bo‘yicha 4 pog‘onaga pastlashi uning umumiy reytingdagi o‘rnini 1 pog‘onaga pasaytirgan.
Shu bilan birga, davlat ulushi mavjud banklardan Agrobankning yirik banklar umumiy reytingda 1 pog‘onaga tushishiga 3 ta ko‘rsatkich bo‘yicha: moliyaviy ommaboplik, kapital yetarliligi, likvidlilik bo‘yicha 1 pog‘onaga pastlagani bilan izohlanadi.
Reytingning moliyaviy vositachilik (bank depozitlarining kreditlarga nisbati, boshqa bank va davlat oldidagi majburiyatlari) ko‘rsatkichi bo‘yicha Mikrokreditbank 2 pog‘onaga va Biznesni rivojlantirish bank 4 pog‘onaga pastlagan.
Moliyaviy ommaboplik (har bir filialga to‘g‘ri keluvchi mijozlar soni, kredit konsentratsiyalashuvi darajasi va xususiy sektorga berilgan kreditlar xajmi) ko‘rsatkichi bo‘yicha Oriyent Finans bank eng so‘nggi 17 o‘rinni saqlab qolgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Mikrokreditbank va Infin bank 2 pog‘onaga, Aziya Alyans bank, Aloqabank va Agrobank 1 pog‘onaga pasaygan.
Aktivlar sifati bo‘yicha reytingda (ROA, NPL ko‘rsatkichlari) Ipoteka bank 1 pog‘ona yo‘qotib, eng so‘nggi o‘rinni egallagan. Ushbu reytingda Trast bank 4 pog‘ona, Kapital bank, Hamkorbank Mikrokreditbank hamda Turon bank 1 pog‘onaga o‘z o‘rinlarini yo‘qotishgan. Bu, umuman olganda, bank aktivlarida xatarli aktivlar ulushi yuqorilaganini hamda daromad olishdagi qiyinchiliklarni ko‘rsatishi mumkin.
Daromad olish salohiyati (sof foizli daromadlar, sof foizli daromadlarning foizli xarajatlariga nisbati, foizsiz daromadlar) ko‘rsatkichi bo‘yicha Asaka bank eng pastki pog‘onani saqlab qolgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Aziya Alyans bank 1 pog‘onaga ko‘tarilib, Ipak yo‘li bank 1 pog‘onaga pasaygan.
Boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichi (har bir ishchiga to‘g‘ri keluvchi foyda, operatsion xarajatlar va foizsiz daromadlar xajmlari) bo‘yicha Turon bank oxirgi 17 o‘rinni qayd etgan. Shuningdek, yirik banklardan Ipoteka bank, O‘zmilliybank va Asaka banklar 3 pog‘onaga, O‘zsanoatqurilishbank 1 pog‘onaga pasayish qayd etishgan.
Likvidlilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha (yuqori likvidli aktivlar, likvidlilikni qoplash k-ti, sof barqaror moliyalashtirish normasi) Agrobank 1 pog‘ona yo‘qotib, eng so‘nggi 17 o‘ringa tushgan bo‘lsa, ushbu reytingda, Asaka bank birdaniga 4 pog‘ona yo‘qotib 16 o‘rinni egallagan. Shuningdek, Oriyent finans bank 7 pog‘ona, Trast bank, Ipak yo‘li bank, Turon bank, O‘zmilliybank hamda Infinbank 1 pog‘onaga o‘z o‘rinlarini yo‘qotishgan.
2024 yilning III choragi uchun kichik banklar faolligi reytingi
2024 yilning III choragida kichik banklar reytingida quyidagi dinamika kuzatilmoqda: to‘rtta bank o‘z pozitsiyalarini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi. Eng yaxshi natijani 5 pog‘onaga ko‘tarilib, umumiy reytingda 8-o‘rinni egallagan Yangi Bank ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, to‘rtta tijorat banki o‘z pozitsiyalarini bir pog‘onaga oshirdi, bu esa ularning faoliyatidagi ijobiy o‘zgarishlardan dalolat beradi. Shuni taʼkidlash kerakki, 14 ta bankdan 5 tasi, jumladan, "Universal bank", "TBC bank", "Ziraat bank", "Poytaxt bank" va "Tenge bank" o‘z pozitsiyalarini saqlab qoldi.
Biroq, to‘rtta bank o‘z natijalarini yomonlashtirdi, bu turli omillar, jumladan, bozor konyunkturasining o‘zgarishi va ichki operatsion muammolar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi chorakda AVO bank eng sezilarli o‘sishni ko‘rsatgan bo‘lsa, uchinchi chorakda ushbu bank kichik banklarning umumiy reytingida to‘rt pog‘ona yo‘qotdi.
Xulosa
Tahlil natijalariga ko‘ra, 2024 yilning III choragida O‘zbekiston bank sektori yirik va kichik banklar o‘rtasida sezilarli moliyaviy barqarorligi va bardoshliligi namoyish etmoqda. Yirik moliya institutlari reytingda o‘z o‘rnini saqlab qolmoqda, bu bozorning yetukligi va tashqi muhit o‘zgarishlariga moslashish qobiliyatidan dalolat beradi. Ayrim banklar faoliyatining yaxshilanishi moliyaviy jozibadorlik va likvidlilikdagi ijobiy tendensiyalarni ko‘rsatmoqda.
Kichik bank segmentida faol harakat mavjud. Shu bilan birga, doimiy monitoring va boshqaruv strategiyalarini moslashtirish zarurati dolzarbligicha qolmoqda, bu esa bozorning barcha ishtirokchilariga o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash va umumiy moliyaviy barqarorlikka erishish imkonini beradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110603 | Инструменты