Hafta davomida harorat pasaya boshlaydi

Seshanbadan boshlab ish haftasi oxirigacha havo harorati kechasi +20…+25 darajagacha, kunduzi +32…+37 darajagacha, ba’zi joylarda +30 darajagacha pasayadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

O‘tgan hafta O‘zbekiston aholisi nihoyatda issiq ob-havo sharoitini boshdan kechirdi. Havo harorati eng yuqori ko‘rsatkichi +43…+45 daraja, janubda va cho‘l hududlarida esa +46…+49 darajagacha ko‘tarildi. Yakshanbadan respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida havo harorati pasaya boshladi.

Dushanbada cho‘l hududlarda, seshanbada esa respublikaning barcha hududlarida havo harorati pasayishi kuzatiladi.

20–24 iyul kunlari O‘zbekiston bo‘yicha havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘lishi kutilmoqda, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 21 iyulda Qoraqalpog‘iston Respublikasida va 22 iyulda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Tog‘li hududlarda ayrim joylarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

20–22 iyul kunlari respublikaning ba’zi joylarida shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi, ayrim joylarda 20–22 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.

Toshkent shahrida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Dushanba kuni kunduzgi havo harorati +41…+43 daraja, seshanba kechasi +25…+27 daraja, kunduzi +36…+38 daraja bo‘ladi. 22–24 iyul kunlari kechasi +20…+23 darajagacha, kunduzi +31…+34 darajagacha pasayadi.

Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 12–15 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72108 | Инструменты