Huawei 1
O‘zbekistondagi tijorat banklarining jami aktivlari miqdori 690 trln so‘mdan oshdi

Markaziy bank aktivlar miqdori bo‘yicha guruhlashtirilgan tijorat banklari faoliyatining alohida ko‘rsatkichlarini eʼlon qildi.

Qayd etilishicha, 2024-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistondagi 35 ta tijorat bankining jami aktivlari 690,4 trillion so‘mni tashkil etgan. Yil boshida bu ko‘rsatkich 652,1 trillion so‘m, o‘tgan 2023-yil iyulida 576,6 trillion so‘m bo‘lgan.

Joriy oy avvalida 12 ta bank aktivlari 3 trillion so‘mgacha, 7 tasiniki 3 trillion so‘mdan 10 trillion so‘mgacha, 9 tasiniki 10 trillion so‘mdan 30 trillion so‘mgacha bo‘lgan. Eng yirik 7 ta bank aktivlari (har birining aktivi 30 trillion so‘mdan yuqori) 470,6 trillion so‘mni tashkil etgan.

Hisobot davrida respublikadagi 35 ta bank tomonidan ajratilgan jami kreditlar miqdori 493,9 trillion so‘m bo‘lgan. Yanvarda bu raqam 471,4 trillion so‘m edi.

Iyul avvalida barcha banklar tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar 161,1 trillion so‘mni tashkil etgan. Shundan 101,3 trillion so‘mi eng yirik 7 ta bank hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar miqdori esa 332,9 trillion so‘mga yetgan. Bunda ham yuqori ko‘rsatkichni eng katta 7 ta bank (249,4 trillion so‘m) qayd etgan.

Umuman olganda, banklar ajratgan kreditlarning asosiy qismi — 428,4 trillion so‘mi uzoq muddatga yo‘naltirilgan. Shundan milliy valyutadagi kreditlar 277,2 trillion so‘m, xorijiy valyutadagi kreditlar 216,7 trillion so‘m.

Iyul oyi boshida respublikadagi barcha tijorat banklarining umumiy kapitali 104,1 trillion so‘mni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich yanvar oyida 97 trillion so‘m, 2023-yil 1-iyulida 86 trillion so‘m  bo‘lgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90808 | Инструменты