Huawei 1
“O‘zmilliybank” AJ: tashqi iqtisodiy aloqalar – iqtisodiyot barqarorligi kafolatidir

Jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgan davr mamlakatimizning iqtisodiy hayotida ham yangi sahifalar ochmoqda. Endilikda mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rni va mavqeini mustahkamlashning muhim kafolati sifatida jahon bozorida salmoqli ulushga ega bo‘lib, dunyoning taraqqiy etgan davlatlari hamda taniqli moliyaviy muassasalari bilan hamkorlikni davom ettirib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston jahonning 200 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini o‘rnatgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning yanvar-cyentyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan davlat Xitoy deb topilgan va ushbu mamlakatning savdodagi ulushi 9,5 mlrd dollarni tashkil qilgan. Shuningdek, dastlabki uchtalikka 7 va 3,2 mlrd dollar bilan Rossiya hamda Qozog‘iston kirgan. Bundan tashqari, Turkiya 2,4 mlrd, Janubiy Koreya 1,7 mlrd, Turkmaniston 830,3 mln, Germaniya 784,2 mln, Qirg‘iziston 754 mln dollar miqdorida ulushga ega bo‘lgan. Top 10 talikni esa 659 mln dollar bilan Fransiya va 615,3 mln dollar bilan Afg‘oniston yakunlab bergan.

Ta’kidlash kerak, xalqaro maydonda savdo hamda diplomatik aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan moliyaviy muassasalarning ahamiyati katta. Jumladan, “O‘zmilliybank” AJ Respublikamizdagi eng yirik tijorat banki hisoblanib, mamlakatimizga xorijiy investisiyalar va zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish orqali hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli davlat va mintaqaviy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Xususan, Bankning Tashqi iqtisodiy faoliyat boshqarmasi o‘zaro manfaatli sohalarda xorijiy banklar, xalqaro moliya institutlari va yetakchi xalqaro reyting agentliklari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish borasida samarali faoliyat yuritmoqda.

Ma’lumot uchun, Tashqi iqtisodiy faoliyat boshqarmasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- kredit mablag‘larini jalb qilish va ularga xizmat ko‘rsatish maqsadida xorijiy banklar hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish va aloqalarni kengaytirish;

- bank mijozlari uchun ishonchli hisob-kitob platformasini ta’minlash maqsadida bankning vakillik tarmog‘ini optimallashtirish hamda uning texnik xizmatini ta’minlash;

- xorijiy investorlar bilan obligatsiyalar chiqarish va ularni kredit mablag‘larini jalb qilish doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘llab-quvvatlash.

Ta’kidlash joiz, “O‘zmilliybank” AJning Tashqi iqtisodiy faoliyat boshqarmasi 2022-2023-yillar davomida mamlakatimiz iqtisodiy hayotida salmoqli bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator shartnomalarni imzolashga muvaffaq bo‘ldi. Jumladan, oliy darajadagi tashriflar, forumlar va boshqa xalqaro tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasida kichik va o‘rta biznes hamda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish maqsadida xorijiy banklarning 770 mln dollardan ortiq kredit mablag‘lari jalb etildi.

Jumladan, Credit Suisse (100 mln yevro), Xitoy Davlat taraqqiyot banki (1,7 mlrd yuan), Citibank (41,5 mln dollar), Xitoy Eksport-import banki (1,5 mlrd yuan), Landesbank Hessen-Thüringen Helaba (50 mln yevro), Vengriya Eksport-import banki (50 mln yevro), Societe Generalye (50 mln yevro), Doyche bank (200 mln yevro) kabi yetakchi xorijiy banklar bilan shartnomalar tuzilgan. Shu bilan birga, mamlakatimizdagi transport, muqobil energetika va iqtisodiyotning boshqa muhim sohalardagi loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy hamkor banklardan yangi kredit liniyalarini jalb etish bo‘yicha tashabbus va takliflar o‘rganilmoqda.

Mamlakatimizda makroiqtisodiy islohotlarning keng ko‘lamli dasturi Bank faoliyatida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlarining muvaffaqiyati, moliyaviy operatsiyalarning ishonchliligi, ya’ni kapitalning yetarlilik ko‘rsatkichlari yuqoriligi hamda bank sof daromadining o‘sishi, “Fitch Rating” va “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentliklari tomonidan Bankning kredit reytinglarini “VV-/V” darajasida “Barqaror” prognozi bilan tasdiqlashiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, “Moody’s Investors Service” xalqaro reyting agentligi “O‘zmilliybank” AJning kredit reytingini “Va3” darajasiga ko‘tardi.

Yaxshi ma’lumki, o‘tgan 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) raislik qildi. Albatta, ushbu siyosiy jihatdan muhim tadbirda “O‘zmilliybank” AJ zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklandi. Boisi, Bankning tashqi iqtisodiy aloqalardagi boy tajribasi 2022-yil 23-avgustida Toshkentda bo‘lib o‘tgan SHHT Banklararo birlashmasi Kengashining 18-yig‘ilishining “O‘zmilliybank” AJ raisligida muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlashga xizmat qildi. Mazkur tadbir doirasida Bank SHHTga a’zo davlatlar moliya institutlari tomonidan ma’qullangan bir nechta tashabbuslarni ilgari surdi. 

Xususan:

-  “SHHT Banklararo birlashmasiga a’zo banklarning o‘rta muddatli istiqbolda (2022-2027-yillarga) SHHT mintaqalararo iqtisodiy hamkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi” hamda

-  “SHHT Banklararo birlashmasi a’zo banklarining moliya sektoridagi o‘zaro hamkorligining asosiy tamoyillari” kabi muhim hujjatlarni imzolashga muvaffaq bo‘ldi.

Bankning Yevropa va Osiyodagi bank muassasalari bilan to‘lov infratuzilmasi geografiyasini kengaytirish, shuningdek, savdoni moliyalashtirish operatsiyalari doirasida mijozlar uchun qulay muhit yaratish maqsadida Germaniyaning Landesbank Baden-Wuertemberg va ODDO BHF banki bilan yevroda, Xitoy qishloq xo‘jaligi banki, Xitoy Davlat taraqqiyot banki va JPMorgan Chase bankning Gonkong filiali Xitoy yuanida hamda Birlashgan Arab Amirliklarining Mashreqbank va Abu Dabi Islom banki  bilan hamkorlikda dirhamlarda qo‘shimcha vakillik hisobvaraqlari ochildi. Bundan tashqari, qo‘shni davlat banklari bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va mijozlarning savdo operatsiyalarini amalga oshirishda ko‘maklashish maqsadida "O‘zmilliybank" AJ Tojikiston xalqaro banki va Sanoatsodirotbonk (Tojikiston) uchun dollar va yevroda vakillik hisobvaraqlarini ochdi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, “O‘zmilliybank” AJ nafaqat Respublikamiz iqtisodiyotida, balki tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashda ham o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bu esa, o‘z navbatida, bankning moliyaviy jihatdan eng ishonchli va kafolatli muassasa ekanligini tasdiqlab, xorijiy bank va investorlar uchun jozibadorligini oshirib boradi.

Reklama huquqi asosida

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты