O‘zsanoatqurilishbank va Qozog‘istonning “Red Team Accelerator” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.
Ma’lumki, 2024-yil 16-dekabr kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat banklariga mahallalardagi startap loyihalarini rag‘batlantirish maqsadida venchur kompaniyalar tuzish, shu bilan birga, har bir bank xususiy sherik topib, startaplarni biznesga aylantirish uchun akseleratorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida O‘zsanoatqurilishbank qoshida venchur moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi “SQB Ventures” kompaniyasi tashkil etildi. Kompaniya tomonidan startap loyihalarni moliyalashtirish va innovasion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xususan, mahallalarda yoshlar va tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazilib, ularning g‘oyalarini loyihalarga aylantirish, noyob takliflarga ega loyiha tashabbuskorlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
O‘zsanoatqurilishbank Bosh ofisida “Red Team Accelerator” kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda venchur investitsiyalar va akseleratsiya sohasidagi tajriba va amaliyotlar bo‘yicha fikr almashilib, mamlakatimiz sharoitida venchur moliyalashtirishni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu borada xalqaro va mintaqaviy tajribalarga asoslangan yechimlar taklif etildi.
Muzokaralar yakunida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.
– “Red Team Accelerator” 1000dan ortiq startaplar, shu jumladan, O‘zbekistonda ham qator startaplar bilan ishlagan yuqori malakali va katta tajribaga ega kompaniyadir, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning Investision banking departamenti direktori Nurbek Xusanov. – Memorandumda bank tizimida startap-loyihalar ekotizimi va venchur moliyalashtirish, ilk loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish, natijada mamlakatimizda mazkur sohani rivojlantirishga hissa qo‘shish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan biznes-modellarni ishlab chiqish maqsadi ilgari surilgan. Hamkorlikdagi ishlarda dastavval bank top-menejerlarini akseleratsiya va venchur moliyalashtirish yo‘nalishida o‘qitish nazarda tutilgan.
Ma’lumot uchun: “Red Team Accelerator” – bu Markaziy Osiyoda innovatsiyalar va texnologik tadbirkorlar bilan ishlaydigan kompaniya. U startaplar uchun biznesni rivojlantirish dasturlarini o‘tkazadi, yirik kompaniya va korporatsiyalar uchun korporativ mahsulot studiyalarini hamda hududiy startap ekotizimi darajasida akseleratsiya dasturlarini taklif etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22117 | Инструменты