Huawei 1
Qurilish materiallari sanoatida energiya tejamkorlik: raqobatbardosh va ekologik toza iqtisodiyot sari

Joriy yilda elektr energiyasi sarfi yuqori bo‘lgan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarda bu turdagi tabiiy resurs iste’molini 43,5 mln. kVt soatga qisqartirish maqsad qilingan.

Mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatida 11,8 mingta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 89 tasi yirik (100 mlrd. so‘mdan yuqori), 710 tasi o‘rta (10 mlrd. so‘mdan yuqori), 11 mingtasi kichik (10 mlrd. so‘mgacha) korxonalar hisoblanadi.

Ushbu korxonalar tomonidan 2024-yil davomida 2,3 mlrd. kVt/soat elektr energiyasi, 912 mln. kub metr tabiiy gaz, 1,7 mln. tonna ko‘mir sarflangan. Sement, keramik materiallar, pishgan g‘isht, qurilish oynasi, gipsokarton va issiqlik saqlovchi materiallar asosiy energiya iste’molchilari hisoblanadi.

Prezidentimiz raisligida 2024-yil 23-sentyabrda qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishida sohada energiyani tejashga alohida e’tibor qaratilib, tegishli vazifalar belgilab berildi.

300 mln. kVt. elektr energiyasi iqtisod qilinadi

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida energiya sarfi yuqori bo‘lgan 34 ta korxonada energo audit o‘tkazildi. 2025-2027-yillarda 300 mln. kVt soatdan ortiq elektr energiyasini iqtisod qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borilmoqda. Natijada, 2024-yilning dekabr oyida ushbu korxonalarning barchasida energo audit jarayonlari yakunlanib, ularda muqobil energiya manbalari, jumladan, quyosh panellari, reaktiv kondensator, datchik va geliokollektorlarni o‘rnatish, WHR (issiqlik energiyasidan qayta foydalanish orqali elektr olish) texnologiyasini joriy qilish, shuningdek, energiya samarador texnologiya va uskunalarini modernizatsiya qilish kabi tabiiy resurslar iste’molini qisqartirishga qaratilgan ishlar boshlandi.

Jumladan, sement ishlab chiqaruvchi “Reco sement sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyati (MCHJ) tomonidan quvvati 8 400 kVt/s, “Qarshi CONCH sement” MCHJ tomonidan 10 000 kVt/s bo‘lgan quyosh panellari hamda “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida reaktiv kondensator va reaktiv energiyani avtomatik tartibga soluvchi qurilmalar o‘rnatildi.

Joriy yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida yangi quvvatlar ishga tushirilishi natijasida 2,5 milliard kVt/soat elektr energiyasi, 669 million kub metr tabiiy gaz va 1,9 million tonna ko‘mirga talab mavjud. Tabiiy resurslar iste’molini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida esa, birgina energiya sarfi yuqori bo‘lgan 34 ta korxona tomonidan 43,5 million kVt/soat elektr energiyasi, 6,7 mln. kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22714 | Инструменты