Tadbirkorlarning aylanma mablag‘lari tejaladi: QQSni hisobga olish to‘liq avtomatlashtirildi
O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari uchun tovarlarni import qilishda qo‘shimcha qulaylik yaratadigan yangi tartib kuchga kirdi.
Adliya vazirligi tomonidan Tovarlarni import qilishda va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ushbu yangi tartibga ko‘ra, soliq to‘lovchi tomonidan tovar va xizmatlarni sotishda to‘langan hamda ortiqcha turgan QQS mablag‘lari endilikda bojxona organlarida tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS to‘lovlari uchun yo‘naltirilishi mumkin.
Jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, quyidagi qat’iy ketma-ketlikda amalga oshiriladi:


1-bosqich: Soliq to‘lovchi QQS summalarini soliq va bojxona organlarida o‘zaro hisobga olish istagini bojxona yuk deklaratsiyasi (BYD) orqali ma’lum qiladi.

2-bosqich: Bojxona qo‘mitasi soliq organlarida haqiqatdan ham ortiqcha to‘lov mavjudligini tasdiqlash uchun Soliq qo mitasiga elektron so‘rov yuboradi.

3-bosqich: Soliq qo‘mitasi hisobga olinishi mumkin bo‘lgan aniq summa haqida Bojxona qo‘mitasiga ma’lumot yo‘llaydi va tizimda o‘zaro hisobga olish dalolatnomasi avtomatik ravishda shakllanadi.

4-bosqich: Bojxona qo‘mitasi dalolatnomadagi QQS summasini tadbirkorning bojxona organlaridagi shaxsiy hisobvarag‘ida aks ettiradi va bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtiradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur mexanizm biznes vakillarining aylanma mablag‘lari muzlab qolishining oldini oladi va import amaliyotlarini rasmiylashtirish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110315 | Инструменты