“Agar ular yana to'qnash kelsa, “Bavariya” “Liverpul”ni mag'lub etadi”, — Sadio Mane
Germaniyaning “Bavariya” klubi hujumchisi Sadio Mane kecha, 5-avgust kuni start olgan Bundesliga, 1-tur doirasidagi “Ayntraxt”ga qarshi bellashuv hamda sobiq jamoasi “Liverpul” haqida fikr bildirdi.
Senegallik futbolchi 2019-yilda “Liverpul” safida Chempionlar Ligasida “Bavariya” darvozasiga urgan gol haqidagi savolga javob berdi.
“Start ajoyib bo'ldi, gol urganimdan xursandman. Muhimi, jamoaviy o'yinimiz juda kuchli. Buyog'iga ham sermahsullik namoyish etishga harakat qilamiz.
“Liverpul”da “Bavariya”ga urgan golim? Balki, mening eng sevimli golimdir, deganman. Lekin hozir uni birinchi emas, ikkinchi sevimli golim, deb aytgan boʻlardim, chunki endi Manuel Noyer — jamoadoshim. Yoʻq, hazillashyapman... Albatta, yaxshi gol boʻlgan, deb oʻylayman. Biz yaxshi oʻyin oʻtkazgandik. Bu allaqachon oʻtmishda qoldi.
Agar bu jamoalar yana uchrashsa, albatta, “Bavariya” “Liverpul”ni magʻlub etadi”, — deydi Mane o'yindan keyingi intervyusida.
Eslatib o'tamiz, 2019-yilda YChL nimchorak finalida “Liverpul” “Bavariya”ga qarshi to'qnash kelgan. Birinchi o'yin “Enfild” stadionida 0:0 hisobida yakunlangan. “Allianz arena”dagi javob uchrashuvida esa mersisaydliklar 1:3 hisobida g'alaba qozongan va o'sha uchrashuvda Sadio Mane dubl qayd etgan edi.

Avvalroq, “Bavariya” sobiq direktori Karl Xaynz Rummeniggening Mane hamda De Lixtni top futbolchilar, deya hisoblamasligini aytgani to'g'risida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты