O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati saralashining so‘nggi turida Qatarni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda Azizbek Turg‘unboyev, Eldor Shomurodov va Igor Sergeyev raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Sofascore portali o‘yindan keyin futbolchilarning maydondagi harakatini baholadi. Unga ko‘ra, zaxiradan maydonga tushib, ikkita assist muallifiga aylangan Jamshid Iskanderov uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi — 8,1 ball.
Yarim himoyachi 62-daqiqada Azizbek Turg‘unboyevning o‘rniga maydonga tushib, Eldor Shomurodov hamda Igor Sergeyevning gollariga hammualliflik qildi. Shuningdek, u 28 daqiqa ichida 16 marta to‘pga tegdi. Sheriklariga 10 ta pas berib, ularning 8 tasi aniq manzilga yetib bordi — 80 foiz. Qolaversa, Iskanderov ikki marta kalit uzatma amalga oshirdi.
Portal talqiniga ko‘ra, uchrashuvning eng yaxshi ikkinchi futbolchisi Jaloliddin Masharipov hisoblanadi. U bahsni asosiy tarkibda boshladi, 84-daqiqada zaxiraga olindi. Masharipov ushbu vaqt davomida 61 marta to‘pga tegingan. Vinger 41 marta uzatma amalga oshirib, ularning 34 tasi sheriklariga aniq yetib borgan — 83 foiz. Shuningdek, u 5 marta kalit uzatma amalga oshirgan va 7 marta maydonda to‘p uchun kurash olib borib, 5 tasida g‘alaba qozongan.
Qatar terma jamoasi safida eng yuqori ball olgan futbolchi Abdulla Yusuf hisoblanadi. O‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasida harakat qiladigan Abdulla Sofascore tomonidan 7,0 ballga loyiq ko‘rilgan. Eng yomon harakat qilgan futbolchi esa Muhammad Nosir hisoblanadi — 6,2 ball.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82819 | Инструменты