Ravshan Ermatov O'zbekiston o’smirlar terma jamoasi bilan uchrashdi
O’zbekiston o’smirlar terma jamoasi Kiyev shahridagi xalqaro xotira turnirida ishtirok etishi haqida xabar bergandik. “JAR” majmuasida o’tkazilgan so’nggi nazorat o’yiniga O’FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov tashrif buyurib, yosh futbolchilar bilan uchrashdi va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Server Jeparov boshchiligidagi murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va imkoniyatlari xususida suhbat qurdi va kerakli ko’rsatmalar berdi. Ushbu avlod keyinchalik 2028-yilgi Olimpiadaga borishi mumkinligi sababli O’FA tomonidan hozirdan tayyorgarlik jarayonlariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Ravshan Ermatov ertaga Ukraina poytaxtiga yo’l oladigan o’smirlar terma jamoamizga omad tilab, xalqaro maydonda O’zbekiston sharafini munosib himoya qilish muhim ekanligini ta’kidladi.
“Sizda kelajakda Olimpiya o’yinlari ishtirokchisiga aylanish imkoni bor. Ana shu orzuga yetishish uchun hozirdan o’z oldingizga yuqori maqsad qo’yishingiz kerak. Bunga iroda, sabr, intizom kabi hislatlarni namoyish etib, eng muhimi, tinmay mehnat qilgan holda erishish mumkin”, deya ta’kidladi Ermatov.
Ma’lumot o’rnida, O’zbekiston U16 terma jamoasi 25-30 avgust kunlari Kiyev shahrida tashkil etiladigan xalqaro turnirda vakillarimiz Turkiya, Slovakiya va Gruziya o’smirlari bilan “B” guruhdan joy olishdi. “A” guruhida esa Bolgariya, Belarus, Ukraina va Armaniston jamoalari bahs olib borishadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110500 | Инструменты