Huawei 1
Temur Kapadze: “Kengaytirilgan ro‘yxatimizda 50 nafarga yaqin futbolchi bor”

Iyun oyida O‘zbekiston terma jamoasini ikkita muhim bahs kutib turibdi. Temur Kapadze jamoasi Jahon chempionati saralashi doirasidagi so‘nggi ikki bahsni o‘tkazadi: jamoa dastlab, safarda BAAga qarshi o‘ynasa, keyin Toshkentda Qatarni sinovdan o‘tkazadi. Mazkur bahslar oldidan O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Temur Kapadze O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga intervyu berib, oldindagi bahslar haqida to‘xtaldi.

BAA bilan o‘yinga tayyorgarlik

Jamoa 28-may kuni Toshkentda yig‘iladi va ertasi kuni Dubayga uchib ketamiz. Toshkentda bir kun mashg‘ulot o‘tkazamiz. Yig‘inning ilk kunlarida jamoa to‘liq bo‘lmaydi, chunki Abbosbek Fayzullayev “SSKA” bilan Rossiya Kubogi superfinaliga chiqdi. Ular 1-iyun kuni “Rostov”ga qarshi o‘ynaydi. Shundan keyin jamoaning BAAdagi yig‘iniga qo‘shiladi. Turkiya chempionatida o‘ynaydigan legionerlarimiz bilan ham shunday holat. Sababi ular ham 1-iyun kuni oxirgi tur uchrashuvida maydonga tushadi. Shuningdek, Jaloliddin Masharipov “Istiqlol” bilan Eron Kubogi finalida o‘ynashi mumkin. 

Mashg‘ulot o‘tkazadigan joylar ancha yaxshi. BAAga borib, bir nechta stadionlarni ko‘zdan kechirdik. Avvaliga Toshkentda tayyorgarlik ko‘rib, o‘yindan bir kun oldin Abu-Dabiga borish varianti ham bor edi. Shuningdek, Qatarda ham yig‘in o‘tkazishimiz mumkin edi. Oxiri dastlabki mashg‘ulotlarni Dubayda o‘tkazadigan bo‘ldik. Chunki arab mamlakatlari juda issiq va biz iqlimga moslashishimiz kerak. Shu bois ertaroq uchib borib, o‘sha yerda tayyorgarlik ko‘rishga qaror qildik.

Yig‘inga chaqiriladigan futbolchilar haqida

25 nafar futbolchini yig‘inga chaqirishni mo‘ljal qilmoqdamiz. Chunki biz yig‘inni 28-may kuni boshlasak, kimdir 3-4 kundan keyin mashg‘ulotlarga qo‘shiladi. Yuqorida aytganimdek, dastlabki kunlar Fayzullayev yoki Aliqulov kabi futbolchilar bo‘lmaydi. Shuning uchun mashg‘ulotlarda to‘liq tarkib bo‘lishi uchun ko‘proq futbolchilarni yig‘inga jalb qilishni rejalashtirganmiz.

Futbolchilarning sport formasi va o‘yin amaliyoti haqida

Bu tomonlama bizda xavotir bor. Chunki nafaqat Husanov, balki Ashurmatov ham o‘ynamayapti. Fayzullayev ko‘proq zaxiradan maydonga qo‘shilmoqda. Oston ham jarohatdan keyin ikkita o‘yin o‘tkazdi. Ammo bir hafta oldin BAAga borib, bu muammolarni yechishga harakat qilamiz. Barcha futbolchilar bilan gaplashib turibman. Yaqinda Abduqodir bilan ham suhbatlashdim. Unda barchasi yaxshi. Murabbiy bilan ham, jamoadagi boshqa futbolchilar bilan ham hech qanday muammo yo‘q. Faqat “Siti”dagi raqobat sabab zaxirada qolmoqda. 

Qolgan futbolchilarda barchasi yaxshi. Muhimi barchasi yig‘inga sog‘-salomat kelishsin. Sport formani yig‘in davomida tiklab olishiga harakat qilamiz. 

Yangi nomlar

Ro‘yxatimizda yangi futbolchilar bor. O‘zbekiston Superligasidagi barcha jamoalarni kuzatib borishga harakat qilmoqdaman. Misol uchun, “OKMK”da bir nechta futbolchilar terma jamoa darajasida o‘yin ko‘rsatmoqda. Lekin shuni aytish kerakki, oldinda bizni muhim bahslar kutib turibdi. Bu paytda tavakkal qilish qiyin. Hali oldinda o‘yinlar bor. Balki ushbu yig‘inda ham yangi nomlarni ko‘rishimiz mumkin bo‘lar.

Yo‘llanmani naqd qilsak, bizda FIFA kunlari bo‘ladi. O‘sha paytda nomzod futbolchilarni hammasini yig‘inga jalb qilib, ularni sinab ko‘ramiz.

BAAga yangi murabbiy tayinlanishi haqida

Kosmin Olariuni BAA bosh murabbiylik lavozimiga kelgani biroz noqulaylik tug‘dirdi. Sababi u qanday sxemada o‘ynashi va qaysi futbolchilarni yig‘inga chaqirishini bilmaymiz. Yangi murabbiy borasida tezda ma’lumot yig‘ishni boshladik. Otabek Shukurov “Sharja”da ushbu mutaxassis bilan birga ishlagan ekan. Bu borada Otabek bilan gaplashganimizda, yaxshi mutaxassis ekanligini aytdi. BAAga borganimda “Sharja”ni “Ajman” bilan o‘yiniga ham qatnashdim. Shuningdek, ularni bir nechta o‘yinlarini ham kuzatdim. O‘zimning rejalarim bor, shu bo‘yicha tayyorgarlik ko‘ramiz. 

Aziz G‘aniyev terma jamoaga chaqiriladimi?

BAAga qilgan safarim payti G‘aniyevning o‘yinlarini ham kuzatib bordim. U qanday pozitsiyada o‘ynayapti, holati qanday, barchasini ko‘rdim. Kengaytirilgan ro‘yxatimizda 50 nafarga yaqin futbolchi bor. Unda Aziz ham bor. Hali yana o‘yinlarni kuzatamiz va yakuniy qarorni qabul qilamiz. Lekin boshqa narsa ayta olmayman.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52511 | Инструменты