Bir qator uchrashuvlar va gul qo'yish marosimidan so'ng O'zbekiston xalqaro forumlar saroyida Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga a'zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari Kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekiston respublikalarining mudofaa idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig'ilishga Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu raislik qildi.

Yig'ilishda Markaziy Osiyodagi vaziyat, xalqaro terrorizmga qarshi kurashish yo'lidagi ustuvor vazifalar, Hamdo'stlikka a'zo mamlakatlar o'rtasida harbiy hamkorlikni rivojlantirish, radiatsion, kimyoviy va bilogik vaziyatni baholash hamda nazorat qilishda Birlashgan tizimning istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, MDHga a'zo mamlakatlar Qurolli Kuchlari aviatsiya parvozlari sohasida hamkorlik masalalari, Yagona davlat radiolokatsion identifikatsiya tizimini amalga oshirish, harbiy ta'lim sohasida harbiy bilim yurtlari kursantlari o'rtasida fan olimpiadalarini o'tkazish, Ikkinchi Jahon urushining 75 yilligiga bag'ishlangan qo'shma tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirish masalalari ham ko'rib chiqildi.

Tadbir davomida kengash a'zolari Mudofaa vazirlari Kengashining 2019-yil bo'yicha ish rejasini qabul qilishdi, MDHga a'zo mamlakatlar Qurolli Kuchlarining hamkorlikdagi aloqa tizimini rivojlantirishga, 2022-yilga qadar Qurolli Kuchlar faoliyatining dasturiy ta'minoti, navigatsiya, metrologiya, topografiya va geodeziya sohasida hamkorlikni tashkil etish, 2019-yil davomida MDHga a'zo davlatlar Havo hujumidan mudofaa va harbiy havo kuchlari qo'shinlari qo'mondonliklari o'rtasida qo'shma mashg'ulotlarni tashkil etishga yo'naltirilgan hujjatlar imzolandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22304 | Инструменты