Huawei 1
Adliya vaziriga parlament so‘rovi yuborildi

Qonunchilik palatasining majlisida adliya vaziri Akbar Toshqulovga norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

— Bugun islohotlarimizning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi norma ijodkorligi jarayoni sifatiga ham bog‘liq, — dedi deputat I.Qudratov. — Shu bois, o‘tgan davrda tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan taʼminlanishini takomillashtirishda muhim bo‘lgan norma ijodkorligi faoliyatini yana-da takomillashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. O‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni unifikatsiya qilish hamda amalda o‘z ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan hujjatlarni bekor qilish bo‘yicha 2019 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 sentyabrga qadar jami 1 ming 634 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan. Natijada yaxlit idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar soni 1 ming 500 tadan 1 ming 128 taga yoki 25 foizga qisqartirilgan.  

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunda vazirlik va idoralar, agar ularga qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha vakolatlar berilgan bo‘lsagina, normativ-huquqiy hujjat qabul qilishi mumkinligi to‘g‘risidagi talab mustahkamlab qo‘yildi.  

Norma ijodkorligi sohasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir katorda yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Jumladan, qonun loyihalarini vazirliklar va idoralarning yuridik xizmati tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish hanuzgacha sifatsiz amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, Adliya vazirligi tomonidan 2022 yilda huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan 2 ming 121 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining 1 ming 25 tasi, 2023 yilning birinchi yarim yilligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan 822 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining 386 tasi amaldagi qonunchilik hujjatlari va yuridik texnika qoidalariga zid ekanligi, korrupsiyaviy omillar mavjudligi bois normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga yoki loyihani tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilotga qaytarilgan.  

2022 yilda vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 344 ta loyihada 534 ta, 2023 yilning birinchi yarim yilligida esa loyihalarning 150 tasida 228 ta korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlangan. Shu bilan birga, Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasidagi faoliyati bo‘yicha qilingan tahlillar bu borada eʼtibor kuchaytirilishi lozim bo‘lgan ayrim jihatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.  

Majlisda yuqoridagilardan kelib chiqib, adliya vaziri A.Toshqulovga norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122314 | Инструменты