Kuz faslida havo harorati pasayib, organizm sovuq kunlarga moslashib boradi. Bu jarayonda esa turli virus va bakteriyalar taʼsirida gripp hamda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar ko‘payadi.
Ayniqsa, bolalarning nafas yo‘llari yuqumli kasalliklariga chalinish ko‘rsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan birmuncha ortadi. Bunday holatda ko‘pchilik ota-onalar farzandlarini uy sharoitida ingalyatsiya orqali davolashga harakat qiladi.
Xo‘sh, bu qanchalik to‘g‘ri? Mazkur muolaja usulining afzalliklari nimada? U qachon va kimlarga tavsiya etilmaydi?
Ushbu savollarga oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarov batafsil javob berdi.
— Ingalyatsiya – nafas yo‘llariga dorilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish usuli bo‘lib, bolalar uchun foydali hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Uni, asosan, nafas yo‘llari kasalliklari, bronxit, astma, tonzillit va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) davrida qo‘llash mumkin.
Mazkur davolash usulining afzalligi shundaki, ingalyatsiya yo‘li bilan qilinadigan malham bemorga tez taʼsir ko‘rsatadi. Sababi u orqali dori moddalari bevosita hujayralarga yetib borib, xastalik alomatlari yengillashadi.
Ingalyatsiyaning turlari har xil. Ulardan baʼzilari shifokor tavsiyasi bilan amalga oshirilsa, boshqalari uy sharoitida qo‘llanilishi mumkin.
Xususan, nebulayzer zamonaviy qurilma bo‘lib, dorini aerozol ko‘rinishga keltiradi. U bolalar uchun eng maqbul vosita hisoblanadi. Uning foydasi shundaki, dorilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri nafas yo‘llariga tushib, tez taʼsir ko‘rsatadi. Nebulayzerga shifokor tavsiyasi asosida berilgan maxsus dori vositalarini qo‘shish mumkin.
Bug‘li ingalyatsiya esa odatda sho‘r va dorivor moddalar qo‘shilgan suv yordamida ishlatiladi. U o‘smir bolalar uchun samarali hisoblansa-da, kichik yoshdagi bolalarda ehtiyotkorlik bilan qo‘llash lozim.
Shuningdek, aerozolli ingalyatsiya maxsus flakonlarda tarqatiluvchi dorilar bilan amalga oshirilib, astma va allergik reaksiyalar uchun ishlatiladi.
Unutmaslik kerakki, baʼzi bemorlarga ingalyatsiya qilish tavsiya etilmaydi. Jumladan, tana harorati 38°S va undan yuqori bo‘lganda, o‘pka yoki yurak faoliyatining og‘ir buzilishlarida foydalanish mumkin emas.
Ingalyatsiya uchun dorilar shifokor tomonidan aniqlangan kasalliklarga muvofiq tanlanadi.
Muolajani o‘tkazishda quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:
- bola tinch holatda bo‘lishi va to‘g‘ri nafas olishi;
- ingalyatsiyani taomlanishdan kamida 1 soat oldin yoki keyin o‘tkazish;
- muolaja vaqti 5-10 daqiqadan oshmasligi;
- nebulayzer tozaligiga eʼtibor berish va uni har bir qo‘llashdan so‘ng yuvish zarur.
Unutmang, ingalyatsiyadan o‘zboshimchalik bilan foydalanish ko‘ngilsiz holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois uni qo‘llashdan avval, albatta, shifokor bilan maslahatlashing.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101423 | Инструменты