Huawei 1
Afg’oniston iqtisodiy delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi

Afg‘oniston Islom Amirligi bosh vazirning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari mulla Abdul G‘ani Barodar boshchiligidagi delegatsiyasi Toshkentga keldi. 22 fevral kuni delegatsiya vakillarini O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev va “Tolibon”ning O‘zbekistondagi elchisi shayx Abdulg‘affor Bahr kutib oldi.

Ma’lum qilinishicha, delegatsiya tarkibida “Tolibon”ning bojxona, transport, aviatsiya, qishloq xo‘jaligiga mas’ul vakillari bor. Shu kunning o‘zida Abdul G‘ani Barodar Oxund O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bilan muzokaralarni boshlagan.

«Suhbat chog‘ida ikki tomon savdo-tranzit aloqalarini kengaytirish hamda o‘zbekistonlik investorlarning Afg‘onistonga sarmoya kiritish masalalarini muhokama qildi. O‘zbekiston tomoni ikki tomonlama savdo aloqalarini kengaytirish maqsadida ikki davlat chegarasida qo‘shma savdo zonasini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Ushbu savdo zonasi qarag‘ay yong‘oqlari va paxtani qayta ishlash zavodlarini, qadoqlash va logistika markazlarini, turli oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘limlarini o‘z ichiga oladi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Jamshid Xo‘jayev o‘zbek sarmoyadorlari Afg‘onistonda neft va gazni qidirish va qazib olishda hamkorlik qilishga hamda sanoat sohasiga, jumladan, Namangan viloyatida sement zavodini barpo etishga sarmoya kiritishga tayyorligini ma’lum qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, «Toti Maydon» gaz konini qidirishda sezilarli yutuqlarga erishilgan va qazib olish ishlari tez orada boshlanishi kutilmoqda.

Amirlik tomoni O‘zbekistonning takliflarini «mamnuniyat bilan kutib olgan hamda ushbu sohalarda har tomonlama hamkorlik qilishiga ishonch bildirdi», deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22302 | Инструменты