Huawei 1
Aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan qonunchilik takomillashtirilmoqda

Senatning 54-yalpi majlisida “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ushbu hujjat bilan sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida ish beruvchining bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi maʼlumotlarning elektron shaklda yuborish shartlari belgilanmoqda.

Shuningdek, qonunda xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish mezonlari aniq belgilab berilayotganligi hamda O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan o‘zaro muvofiqlashtirilayotganligi kelgusida ishchilarni ijtimoiy himoya qilishni yana-da kuchaytirishga xizmat qiladi.

Qonunda bandlikni rag‘batlantirish va aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiyalar vazirlik va idoralarning mablag‘lari hisobidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordamlar, yaʼni subsidiyalar ularning maqsadli jamg‘armalari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilib, ssuda ajratish yoki rad etishning asoslari belgilab qo‘yilmoqda.

Ish qidirayotgan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirilmoqda. Unga ko‘ra ish qidirayotgan shaxslarning ish staji, maʼlumoti (mavjud bo‘lgan taqdirda), ish haqi to‘g‘risidagi maʼlumotlar va boshqa maʼlumotlar mahalliy mehnat organi tomonidan masʼul davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinishi belgilanmoqda.

Qonunda ishga joylashtirishga doir yo‘llanmalar va ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnomalar asosida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish tartibi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, qonun asosida mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinganda moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar belgilanib, agar mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, ish qidirish davrida o‘rtacha oylik ish haqining ishdan bo‘shatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq ko‘pi bilan ikki oyga saqlanib qolishi xodimlar uchun kafolatlanishi nazarda tutilmoqda.

Qonunda ishdan va ish haqi (mehnat daromadi)dan mahrum bo‘lgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilib, ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish va to‘xtatib turish tartiblari takomillashtirilmoqda.

Bundan tashqari, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslar bilan bunday ishlarda ishtirok etish uchun mehnat shartnomasi muddatini o‘n bir oygacha bo‘lgan muddatga tuzish asoslari, ishsiz shaxslarga stipendiya to‘lash shartlari belgilanmoqda hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari takomillashtirilmoqda. 

Hujjatda ishsiz shaxslarga kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiyalarni to‘lash mezonlari aniq belgilanmoqda.

Taʼkidlangandek, mazkur qonunning qabul qilinishi ishga joylashtirish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirishga, ishga joylashtirish bo‘yicha murojaat qilayotgan fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo‘yish hamda aholining davlat organlariga nisbatan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты