Amir Temur shoh ko‘chasidagi davlat idoralari binolari o‘rniga tadbirkorlar uchun binolar qurilishi mumkin

Xalq deputatlari Toshkent shahri Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Yunusobod poytaxtni eng qulay qismida joylashgani uchun kredit olmasdan, o‘z sarmoyasini kiritib, ish o‘rni yaratishga intilayotgan tashabbuskorlar juda ko‘p. Lekin, ularni eng qiynaydigan masala – tumanda bo‘sh joy topish.

Masalan, Amir Temur shoh ko‘chasi so‘nggi yetti yilda tadbirkorlar uchun eng jozibador ko‘chaga, hududni o‘sish nuqtasiga aylandi. Lekin ko‘chani 6 kilometr qismida eskirgan qiyofadagi 3-4 qavatli 8 ta davlat idoralari joylashgan.

Bu binolarni yerosti avtoturargohi bor ko‘p qavatli savdo, xizmat va ovqatlanish obyektlari, ofis va mehmonxona shaklida qayta qurish sharti bilan loyihalar amalga oshirilsa, tadbirkorlar va ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish mumkinligi qayd etildi.

Shunday loyihalarni bank filiallari o‘rnida hamda davlat tashkilotlari egallab turgan 24,5 gektar negizida ham amalga oshirish mumkin.

Prezident yer o‘ta cheklangan sharoitda bor infratuzilmani vertikal o‘stirish orqali sanoat va savdoni rivojlantirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi.

Masalan, yirik bozorlarni qavat-qavat usulda kengaytirish, Yunusobod kichik sanoat zonasidagi binolarni 3-4 qavat qilib qayta qurish hisobiga qo‘shimcha maydonlarni hosil qilish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Vazirlar Mahkamasiga unumli foydalanilmayotgan davlat obyektlarini xatlovdan o‘tkazib, ularni o‘rnida sanoat va xizmatlarda yuqori daromadli ish o‘rni yaratadigan loyihalarni joylashtirish dasturini tasdiqlash topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты