Huawei 1
AQSH Kongressi delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi

Kecha tunda AQSH Kongressi delegatsiyasi O‘zbekiston - Amerika hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga keldi.

O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasidan ma’lum qilishlaricha, delegatsiya tarkibi AQSH Kongressidagi "O‘zbekiston bo‘yicha kokus"ning hamraisi, Missisipi shtatidan respublikachi kongressmen Trent Kelli va Vakillar palatasining Yo‘llar va vositalar bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi, Illinoys shtatidan respublikachi kongressmen Derin Laxud hamda ularning xodimlaridan iborat.

Amerikalik qonunchilar O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtlarida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi rahbariyati bilan, shuningdek, respublika vazirlik va idoralarida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishadi. Tashrif davomida delegatsiya mamlakatning tarixiy va madaniy merosi bilan ham tanishadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu tashrif AQSH Kongressi a’zolarining O‘zbekistonga 2017-yildan buyon yettinchi safari bo‘ladi. O‘tgan yili ikki partiyadan bir guruh amerikalik qonunchilar mamlakatimizga ikki marotaba tashrif buyurgan va ulardan biriga Vakillar palatasining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi, Nyu-Yorklik demokrat kongressmen Gregori Miks rahbarlik qilgan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31815 | Инструменты