O‘zbekiston elchisi Furqat Siddiqovning AQSHning Boston shahriga (Massachusets shtati) tashrifi doirasida ushbu shahar va uning atrofida istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbir davomida Boston shahrida yangi tashkil etilgan O‘zbek jamoasi “Turon Assotsiatsiyasi”ning ochilishi ham bo‘lib o‘tgan. Assotsiatsiyaning asosiy vazifalari orasida O‘zbekiston madaniyati va merosini saqlash va uni keng jamoatchilikka targ‘ib qilish, vatandoshlar o‘rtasida ma’rifiy va ilmiy tadbirlarni tashkil etish kabi muhim yo‘nalishlar mavjud ekaniga urg‘u berilgan.
Bundan tashqari, Boston shahri va uning atrofida istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz uchun tashkil etilayotgan “Ildiz”onlayn platformasining taqdimoti ham o‘tkazilgan. Platforma, o‘z faoliyatini AQSHda ishlaydigan yuqori malakali mutaxassislar, moliya institutlari, universitetlar, yuridik firmalar, tadbirkorlar va investorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
So‘ngra vatandoshlar hamda amerikalik hamkorlar ishtirokida kirib kelayotgan Navro‘z bayrami munosabati bilan madaniy kecha tashkil etilgan. Xususan, tadbirda Garvard universitetining yetakchi olimlari va institut rahbarlari ishtirok etgan.
Ularga O‘zbekistonning turistik va gastronomik salohiyati, madaniy urf-odatlari, boy madaniyatning o‘ziga xosligi, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda kuzatilayotgan dinamik o‘zgarishlar haqida maxsus videolavhalar namoyish qilingan.
Uchrashuv yakunida vatandoshlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida madaniy va ilmiy almashinuv dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekistonning AQSHdagi imijini mustahkamlashga tayyorliklarini bildirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122305 | Инструменты