Huawei 1
Banklarni sanatsiya qilish tizimi shakllantirilmoqda

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bank tizimini isloh qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buni xalqaro standartlarga mos keluvchi bank qonunchiligini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning yangi tahrirda qabul qilinishi mamlakatimiz bank tizimini isloh qilishning yangi bosqichi boshlanishi uchun mustahkam poydevor yaratdi.

Banklar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish moliyaviy barqarorlikni taʼminlashda muhim o‘rin tutadi. Biroq xalqaro standartlar asosida olib boriladigan nazorat choralariga qaramasdan banklarning moliyaviy inqirozga uchrash ehtimoli yo‘q emas.

Amaldagi qonunchilikda banklarni sanatsiya qilish mexanizmi mavjud bo‘lmasdan, to‘lovga qobiliyatsiz banklar “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun asosida majburiy tugatib kelinmoqda. Ammo yirik banklar to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolganda ularni majburiy tugatish bank tizimi inqirozini keltirib chiqarishi mumkin.

Mamlakatimizda banklarni sanatsiya qilish mexanizmining mavjud emasligi mazkur sohada huquqiy asoslar shakllantirilishini taqozo etmoqda.

Ushbu Qonun bilan banklarni sanatsiya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organi, sanatsiya qilishning maqsadlari va prinsiplari, sanatsiya qilishni boshlash uchun asoslar, sanatsiya qilishni moliyalashtirish mexanizmlari, shuningdek banklarni ixtiyoriy va majburiy tugatish tartibi belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi bankda to‘lovga qobiliyatsizlik holati vujudga kelganda nobarqarorlik ustida tezkorlik bilan nazorat o‘rnatish va to‘lovga qobiliyatsiz bankning bank tizimi va iqtisodiyotga salbiy taʼsirini kamaytirishga, bankning o‘ta muhim vazifalari va xizmatlari uzluksizligini taʼminlashga, omonatchilar va kreditorlar manfaatlarini himoya qilishga, mijozlarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchining oshishiga, shuningdek mamlakatimizda moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42917 | Инструменты