Rossiya hukumati so‘nggi bir necha yil ichida Finlandiya va Norvegiya bilan chegaradagi harbiy qismlarni kengaytirdi, deb xabar berdi 28 aprel kuni The Wall Street Journal gazetasi Amerikaning tijorat sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan shug‘ullanuvchi Planet kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib.
Gazeta ikki harbiy qismning sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarini e’lon qildi – Finlandiya bilan chegaradagi Leningrad oblastining Viborg rayonidagi Kamenka va Norvegiya bilan chegaradagi Murmansk oblastining Pecheneg rayonidagi Sputnik posyolkasida. Tasvirlarga qaralsa, Kamenkadagi harbiy qismda harbiylar uchun yangi turar joylar paydo bo‘ldi, deb xabar berdi Finlandiyaning Black Bird Group tadqiqot tashkiloti. Sputnikdagi qismda harbiy texnika uchun omborlar kengaytirildi, deb yozadi nashr.
The Wall Street Journal nashri yozishicha, Rossiya Kareliyadagi Petrozavodsk hududida yangi kazarma va poligonlar qurmoqchi, arsenallar va temiryo‘llarni modernizatsiya qilmoqchi, u yerda o‘n minglab harbiylarni boshqarish uchun yangi armiya shtabini tashkil etish rejalashtirilgan. Black Bird Group tashkiloti OSINT-tahlilchisi Emil Kastexelmining ma’lum qilishicha, Rossiya harbiylar uchun omborxonalar va turar joylar qurmoqda.
Yangi temiryo‘llar Finlandiya va Norvegiya bilan chegaralar bo‘ylab, shuningdek, janubda Peterburgdan Estoniya chegarasigacha yotqizilgan. Mavjud temiryo‘l liniyalari kengaytirilmoqda. «Rossiya-Finlandiya chegarasida mexanizatsiyalashgan qo‘shinlar bilan chegarani kesib o‘tish mumkin bo‘lgan o‘nlab punktlar mavjud. Agar ular yangi temiryo‘l stansiyalarini qurayotganini yoki eskilarini ta’mirlayotganini ko‘rsangiz, bunga e’tibor qaratish kerak», – dedi Helsinkidagi Milliy mudofaa universiteti professori, Rossiya qurolli kuchlari bo‘yicha ekspert Yuxa Kukkola WSJ bilan suhbatda.
RF prezidenti Vladimir Putin 2024 yilda Rossiya armiyasi harbiylari sonini bir yarim million kishiga yetkazishga ko‘rsatma bergandi (taqqoslash uchun: Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinga qadar, qo‘shinlar soni taxminan bir million kishini tashkil etardi). Hozir Ukrainada xizmat qilayotgan ko‘plab yangi askarlar NATO bilan to‘qnashuvga tayyorlanayotgan Rossiya armiyasining asosi bo‘lishi kerak, deydi G‘arb harbiylari va razvedkachilari. Nashrning ta’kidlashicha, yangi harbiylarning aksariyati Finlandiya, Latviya va Estoniya bilan chegaradosh Leningrad harbiy okrugiga ko‘chiriladi. G‘arb harbiylari va razvedkachilari ma’lumotlariga ko‘ra, kichik brigadalar deyarli uch baravar ko‘payib, 10 ming kishilik diviziyaga aylanadi.
Rossiyadagi harbiy ekspertlar Finlandiya chegarasidagi faollikni Kremlning NATO bilan ehtimoliy mojaroga tayyorgarligining bir qismi sifatida tavsiflamoqda, deya ta’kidlaydi nashr. «Qo‘shinlar [Ukrainadan] qaytganida,
[Finlandiya bilan] chegara ortida o‘zlari dushman deb hisoblagan davlat bo‘ladi. So‘nggi o‘n yillik mantig‘i shuni ko‘rsatadiki, biz NATO bilan ziddiyatga tayyor turamiz», – dedi nashrga hukumat taraf bo‘lgan rossiyalik harbiy ekspert, Strategiya va texnologiyalarni tahlil qilish markazi direktori Ruslan Puxov.
Yevropa razvedkasining anonim qolishni so‘ragan xodimi WSJ bilan suhbatda aytishicha, Rossiya alyans a’zosi bo‘lgan kichik davlatga, masalan, ko‘plab ruslar yashovchi Estoniyaga hujum qilish orqali NATOning birdamligini sinab ko‘rishi mumkin. Karnegi fondining Rossiya va Yevrosiyo dasturi bo‘yicha katta ilmiy xodimi Maykl Kofman Rossiya «tez fursat» ichida «Boltiqbo‘yi mamlakatiga qarshi cheklangan amaliyot» o‘tkazishi mumkin. Uning fikricha, Boltiqbo‘yi mamlakatlari rasmiylari «[Rossiya-Ukraina] urushi tugaganidan keyingi ikki-uch yillik muddatda hujum bo‘lish imkoniyatini hisobga olmoqda». «Agar gap NATO bilan keng ko‘lamli urush haqida boradigan bo‘lsa, unda muddat ssenariyga qarab yetti yildan o‘n yilgacha bo‘lishi mumkin», – deydi Kofman.
Daniya razvedkasi fevral oyida hisobot e’lon qilib, agar Rossiya NATO zaiflashgan va tarqoq deb hisoblasa yoki AQSh Yevropaga yordam bermaydi, degan qarorga kelsa, besh yil ichida Yevropada keng ko‘lamli urush boshlashi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. G‘arb harbiy mulozimlarining WSJ nashriga aytishicha, Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish Rossiya harbiylariga yanada tezroq tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.
The Wall Street Journal ta’kidlaganidek, bu yil Rossiya harbiy xarajatlarni yalpi ichki mahsulotning 6 foizidan ko‘prog‘iga oshirdi, urush boshlanishidan oldingi miqdor 3,6 foiz edi (taqqoslash uchun: AQSh 2024 yilda yalpi ichki mahsulotining 3,4 foizini, Yevropa Ittifoqi davlatlari esa o‘rtacha 2,1 foizini qurollanishga sarflagan).
So‘nggi yillarda Rossiya T-90M jangovar tanklarini ishlab chiqarishni ko‘paytirdi: agar 2021 yilda G‘arb razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya yiliga 40 ga yaqin mashina ishlab chiqargan bo‘lsa, hozirda – deyarli 300 ta. Finlandiyaning yuqori martabali harbiy amaldori ta’kidlashicha, yangi tanklar Ukrainadagi front chizig‘iga deyarli yuborilmaydi – ular Rossiya hududida qoldiriladi. 2025 yilda Rossiya artilleriya qurollari va o‘q-dorilar ishlab chiqarishni taxminan 20 foizga oshirishi kutilmoqda. Yangi qurollarning katta qismini NATO bilan chegara bo‘ylab joylashtiriladigan bo‘linmalar oladi. Nashr hozirda Ukrainaga sovet davridagi eski va ta’mirlangan qurollar yuborilayotganini ta’kidlagan.
NATOning Yevropadagi birlashgan kuchlari qo‘mondoni general Kristofer Kavoli aprel oyida AQSh Senatida so‘zlagan nutqida Rossiya qurolli kuchlari «aksariyat tahlilchilar taxmin qilganidan tezroq tiklanayotgani va o‘sayotgani»ni aytdi. «Aslida, harbiy harakatlarning asosiy og‘irligini o‘z zimmasiga olgan Rossiya armiyasi bugungi kunda urush boshidagiga qaraganda kattaroq», – dedi u.
So‘nggi oylarda Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolayotgan rossiyaliklar soni oshdi. AQSh hisob-kitoblariga ko‘ra, har oy 30 mingga yaqin kishi shartnoma imzolaydi, 2024 yil yozida esa bu miqdor oyiga 25 ming kishini tashkil etgan. Sharqiy Yevropa maxsus xizmatlarining ba’zi xodimlari har oyda shartnoma imzolayotganlar soni 40 mingga yetayotganini aytadi.
Yevropa razvedka xizmatlari hisob-kitoblariga ko‘ra, armiya harbiylari soni ko‘payishi Rossiya qurolli kuchlariga Ukrainada qo‘shinlarni rotatsiya qilish, shuningdek, o‘qitilgan va Rossiyada qoladigan yangi bo‘linmalarni yaratish imkonini berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42920 | Инструменты