Qirg‘izistonning Bishkek shahrida “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘llari kompaniyasi” MCHJ ochildi.
Ochilish marosimida qatnashgan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi – Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov o‘z nutqida Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasini Xitoy tashkil topganining 75 yilligi bilan tabriklab, temiryo‘lning butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ahamiyatini alohida ta’kidladi.
“Biz ushbu loyihani yuqori baholaymiz va uni asr qurilishi deb ataymiz. Bu Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, temir yo‘l qurilishini amalga oshirish butun mintaqada, xususan, Qirg‘iziston, Xitoy va O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy hamkorligini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Unga ko‘ra, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘li qurilishi Buyuk Ipak yo‘lining bir qismiga aylanadi.
“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘llari kompaniyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ochilishida Xitoy Xalq Respublikasining Qirg‘izistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Du Deven, XXR Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasining Xorijiy kapitaldan foydalanish va xorijda investitsiyalar bilan ta’minlash departamenti direktori o‘rinbosari, XXR delegatsiyasi rahbari Chjan Szyanxua, O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov va China Railway International bosh direktori Chjou Sin ishtirok etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100523 | Инструменты