Huawei 1
BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi va O‘zbekiston Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti o‘rtasida memorandum imzolandi

Joriy yilning 5 dekabr kuni BMT ning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hujjatni BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Vladimir Voronkov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov imzoladi.

Tomonlar Strategik  va mintaqalararo  tadqiqotlar instituti Markaziy Osiyoda birinchi “aql markazi” bo‘lgani hamda BMT  bilan hamkorlik shartnomalarini imzolagan “imtiyozli hamkorlar guruhi” sirasiga kirganini alohida qayd etishdi. 

Memorandum asosiy tamoyillar va hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan nashrlar va tadqiqot ma’lumotlari almashinuvi, BMTning Global aksilterror strategiyasi doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalarni hal etishni aks ettiradi.

Hozirgi kunda tomonlar BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi shafeligi ostida urush zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassislardan iborat Markaziy Osiyoda  Mintaqaviy ekspert kengashini  tuzish ishlarini olib bormoqda. 

Ushbu Mintaqaviy kengashni  tashkil etish tashabbusi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Toshkentda bo‘lib o‘tgan yuqoridagi anjumanda  taklif etilgan edi. 

Shu munosabat bilan  tadbirda keyingi yil Toshkentda BMT  terrorchilikka qarshi kurash  boshqarmasi boshlig‘i V.Voronkov ishtirokida  Kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. 

Umuman olganda, tomonlar  ushbu Memorandumning imzolanishi BMT  terrorchilikka qarshi kurash  boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik  va mintaqalararo  tadqiqotlar instituti  o‘rtasida Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurashishdek muhim va dolzarb vazifani hal etish bo‘yicha uzoq muddatli va amaliy hamkorlik uchun yangi sahifa  ochishini ta’kidlashdi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50915 | Инструменты