Huawei 2
BMT Turizm Ijroiya kengashi O‘zbekiston tashabbusini bir ovozdan ma’qulladi

O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov boshchiligidagi delegatsiya BMT Turizm Ijroiya kengashining 121-sessiyasidagi ishtirokida doirasida mamlakatimizning Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzish tashabbusi bir ovozdan ma’qullandi. 

Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023-yil oktyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining Turizm bo‘yicha 25-sessiyasida bildirilgan edi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan ziddiyatlar va beqaror vaziyat turizm rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan sayyohlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yagona yondashuvni ishlab chiqish zarurati tug‘ilmoqda va taklif etilayotgan kodeksning ishlab chiqilishi yanada xavfsiz, barqaror va adolatli turizm ekotizimini yaratish yo‘lidagi oldinga tashlangan qadamdir.

Ishlab chiqilgan kodeks turizmni barqaror rivojlantirish vositalaridan biriga aylanishi va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga olishi kutilmoqda.

BMT Turizm bosh kotibi Zurab Pololikashvili sessiyadagi nutqida, O‘zbekiston hukumatiga respublikaning tashkilot faoliyatiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston mazkur tuzilmaning eng faol ishtirokchisi ekanligini va nafaqat jahon turizm industriyasini rivojlantirishga, balki BMT imijini oshirishga ham hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidladi.

Bosh kotib O‘zbekiston turizmni rivojlantirishga kompleks yondashuv namunasini ko‘rsatayotganini, bu mintaqaning boshqa mamlakatlari uchun o‘rnak bo‘lishi mumkinligini ham qayd etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62617 | Инструменты