O‘zbekiston hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining loyiha xizmatlari bo‘yicha byurosi (UNOPS) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Bitim Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishga ko‘maklashish va hamkorlikni mustahkamlash, UNOPS'ning O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirish va uning mintaqadagi sa’y-harakatlarini oshirishga qaratilgan.
Bitim xalqaro standartlarga javob beradigan ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan "O‘zbekiston-2030" strategiyasiga ham mos keladi.
UNOPS allaqachon O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va epidemiyaga tayyorgarlikni yaxshilashga qaratilgan bir qancha loyihalarda ishtirok etmoqda. Tashkilot, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish va inklyuziv va texnologiyaga asoslangan ta’limni rag‘batlantirish orqali ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash yo‘llarini o‘rganmoqda.
"Bu O‘zbekiston hukumati bilan hamkorligimizdagi muhim bosqich bo‘lib, butun Markaziy Osiyo bo‘ylab ishimiz ko‘lamini kengaytirishga yordam beradi. BMTning O‘zbekistondagi mamlakat jamoasi doirasidagi hamkorligimiz orqali biz yaqin yillarda sog‘liqni saqlash va diagnostika sohasida ijobiy natijalarga erishishga umid qilamiz", — dedi UNOPS ijrochi direktori Georges Moreira da Silva.
Yangi kelishuv O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga salmoqli hissa qo‘shadigan asosiy ijtimoiy infratuzilmani, jumladan, shifoxonalar, maktablar va transport tizimlarini qurish va reabilitatsiya qilish kabi kompleks loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ushbu sa’y-harakatlarni yanada rivojlantiradi.
"Biz ishonchimiz komilki, vakolatxona aloqalarimizni yanada boyitishga, ayniqsa, "O‘zbekiston-2030" strategiyasi va barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda xizmat qiladi", – deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50900 | Инструменты