Qonunchilik palatasining majlisida Davlat byudjeti ijrosi muhokama qilinar ekan, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov tashqi qarz masalasiga alohida to‘xtaldi:
— Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan masalaga ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Mamlakatda ichki infratuzilmani tashkil etish va saqlash, iqtisodiy o‘sishni taʼminlash uchun iqtisodiy taʼminot zarur. Masalan, yangi qurilayotgan xonadonlar uchun ipoteka kreditlari berish uchun ham tijorat banklarini uzoq muddatga mablag‘ bilan taʼminlash zarur bo‘ladi. Shu kabi ishlar tashqi qarz hisobiga qoplanadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining tashqi qarzi 33,7 milliard dollar, ichki qarz esa 6,5 mlrd. dollarni tashkil etmoqda. Jami qarzdorlik YAIMga nisbatan 35 foizni tashkil etadi. Xalqaro meʼyorlarga nisbatan O‘zbekistonning qarzi moʻtadil hisoblanadi.
Qolaversa, davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra, davlat qarzi YAIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi belgilangan. Tashqaridan olinayotgan har bir mablag‘ga nihoyatda sinchkovlik bilan qaraladi, qaysi maqsadlar uchun olinayotgani tekshiruvlardan o‘tkaziladi, — dedi Bosh vazir o‘rinbosari.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты