O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 20-avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida "Davlat siri to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilib, Senatga yubordi, deb yozmoqda 21-avgust kuni "Xalq so‘zi" gazetasi.
Amaldagi "Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida"gi qonun 1993-yilda qabul qilingani bois "bu sohadagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarur".
Ko‘rib chiqilayotgan hujjat davlat sirlarini saqlash sohasidagi vakolatlarni belgilaydi, maxfiylik darajasini, maʼlumotlarni maxfiylashtirish va davlat sirlaridan foydalanishga ruxsat berish muddatini belgilaydi.
Davlat ahamiyatiga molik sirga kiritilishi lozim bo‘lgan to‘rtta toifadagi maʼlumotning cheklangan ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Maxfiylashtirilmaydigan maʼlumotlar ro‘yxati belgilanadi. Unga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar, jinoyatchilik holati, inson huquqlarining buzilishi va boshqa shu kabi maʼlumotlar maxfiylashtirilmaydi (1993 yildagi qonunga ko‘ra, hozirda faqat fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan maʼlumotlar maxfiylashtirilmaydi).
Davlat sirlariga tegishli maʼlumotlar ro‘yxati 2020 yilda qayta ko‘rib chiqilishi va keyinchalik maxfiylikdan chiqarilishi rejalashtirilgandi. Bu fan va taʼlim, IT va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan maʼlumotlardan foydalanishdagi asossiz cheklovlarni bartaraf etish imkonini berishi kerak bo‘lgan.
Bugungi kunda davlat sirlari davlat, harbiy va xizmat sirlariga bo‘linadi.
- Davlat sirlari — oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy taʼsir etishi yoki O‘zbekistonning mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan maʼlumotlar.
- Harbiy sirlar — oshkor etilishi O‘zbekistonning mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi va Qurolli kuchlari uchun og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan harbiy xususiyatga ega maʼlumotlar.
- Xizmat sirlari — oshkor etilishi O‘zbekiston manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasiga doir maʼlumotlar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42319 | Инструменты