Huawei 1
Dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik liberallashtirilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarining belgilangan tartibda majburiy deklaratsiya qilinadigan tranzitidan tashqari ularni qonunga xilof ravishda olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ulardan foydalanish taqiqlangan. Jazo choralari qat’iy belgilangan bo‘lsa-da, ushbu toifadagi jinoyatlar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda. Qonun tashabbuskorlari shundan kelib chiqib, javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish harakatlarini sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, Jinoyat kodeksining belgilangan sanksiyalariga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda.

Fraksiya a’zolari uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda respublika hududiga olib kirish fuqarolar tomonidan qonunchilik talablarini bilmaslik oqibatida ham sodir etilayotganiga e’tibor qaratdi.

Xususan, uzoq muddat chet el hududida yashab qaytgan fuqarolar yoki respublikaga birinchi marotaba kirib kelayotgan chet el fuqarolari tomonidan ham bunday moslamalarni olib kirishga taqiq borligidan xabari bo‘lmasligi ham huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, qonunchilikda belgilangan me’yorlar aholiga tushunarli tarzda ifodalanishi va mas’ullar tomonidan tushuntirish ishlari kuchaytirilishi zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42006 | Инструменты