Joriy yilning 15-avgust kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Ugam-Chotqol qo‘riqxonasi yaqinidagi chegara mintaqasida 2 nafar noma’lum shaxslarning harakatlanayotgani kuzatilgan.
Chegara naryadi, o‘z vakolati doirasida ularga to‘xtashni buyurgan, lekin tartibbuzarlar qochishga uringan.
Shu bois, O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq, ularni to‘xtatish uchun osmonga qarata bir necha bor ogohlantiruvchi o‘q uzilgan.
Ammo, noma’lum shaxslar chegara naryadining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, Davlat chegarasi tomon harakatni davom ettirishgan. Shundan keyin, so‘nggi chora sifatida ularga nisbatan qurol qo‘llanilgan.
Natijada, ular yaralanib, harbiy xizmatchilar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay, voqea joyida vafot etgan. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganida, 1 dona chodir, 3 ta ot, oziq-ovqat mahsulotlari hamda yashirinishga ulgurgan uchinchi shaxsning izlari ham topilgan.
Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Qirg‘iziston va Qozog‘iston chegara idoralari xabardor qilingan.
31-avgust kuni vafot etganlar Qirg‘iziston fuqarolari ekanligi aniqlanib, ularning jasadi qarindoshlariga topshirildi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara idoralari rahbarlarining o‘zaro kelishuviga asosan, 2-3-sentyabr kunlari hodisa joyi hamkorlikda ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar natijasida chegara naryadining xatti-harakatlari O‘zbekiston qonunchiligiga asosan amalga oshirilganligi, yuqorida ko‘rsatilgan Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan Davlat chegarasi buzilganligi, shuningdek, uchinchi shaxsning Qirg‘iziston tomonga qaytib, yashirinishga ulgurgani komissiya tomonidan o‘z tasdig‘ini topdi. Uning shaxsini aniqlash va tegishli chora ko‘rish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida, har ikki tomon chegaraoldi hududlarda istiqomat qiluvchi aholi bilan tushuntirish ishlarini olib borish hamda murakkab tog‘li xududlarni qo‘riqlashda o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90512 | Инструменты