Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tmoqda.
Davlat rahbari muammolarga yechim topish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi va yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Bugungi yig‘ilishda ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha salkam ikki yil tayyorgarlik ko‘rilgani, xorijning ilg‘or tibbiyot markazlaridan ekspertlar jalb qilingani taʼkidlandi.
“Agar birlamchi bo‘g‘in, raqamlashtirish va sug‘urtani joyiga qo‘ysak, tibbiyot xodimlarini bilim va amaliy ko‘nikmasini yaxshilasak, muhimi, aholining tibbiy madaniyatini oshirsak, shuning o‘zi orqali ko‘zlagan maqsadlarimizga erishamiz”, - dedi prezident.
Endilikda birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim bo‘lishi belgilandi. Prezidentimiz buni Ishtixon tumanidagi bitta poliklinika misolida chuqur tahlillar asosida tushuntirib berdi.
Ishtixondagi “O‘zbekiston” nomli poliklinikaga 7 ta mahalla biriktirilgan. Lekin 6 nafar oilaviy shifokor 9 ta shtatni band qilib, yuklamani eplay olmayapti. Bu poliklinikada yana 6 ta vrach shtati bo‘sh.
Kafolatlangan paketga zarurati puxta o‘ylanmasdan 90 turdagi dori kiritilgani bois poliklinikaga buning yarmi ham kelmayapti. Poliklinikadagi laboratoriya tahlilini birorta shifoxona tan olmaydi.
Eng ko‘p murojaat bolalar kasalliklariga to‘g‘ri kelgani bilan, oilaviy shifokorlarda ko‘nikma yetishmagani uchun ular pediatr vazifasini to‘liq bajara olmayapti. Tug‘ruq yoshidagi 9 ming ayol uchun bor-yo‘g‘i 1,5 stavka ginekolog shtati berilgan.
Aholining 35 foizi yurak-qon tomir, qandli diabet, oshqozon-ichak kabi surunkali kasalliklarga chalingan. Bunday kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilish va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha tibbiyot brigadalarining ishi ko‘rinmayapti.
Shu bois, ushbu tizim o‘zgarishi belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50908 | Инструменты