Davlat rahbari ko‘rsatmasi bilan Toshkentdagi G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasiga tutash hududda "Qahramonlar nomi barhayot" nomli yodgorlik barpo etish vazifasi yuklatilgan edi.
Shu munosabat bilan 2023-yilning 10-oktabrida Vazirlar Mahkamasining "Qahramonlar nomi barhayot" nomli yodgorlik majmuasi uchun arxitektura ishlanmalari tanlovi e’lon qilingan. Tanlovga taqdim qilingan loyihalar Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston badiiy akademiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriligi va boshqa tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat hakamlar tomonidan baholanib, g‘oliblar aniqlandi.
Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev so‘zga chiqib, loyihalar amaldagi shaharsozlik me’yorlari va qoidalariga muvofiqligi, milliy arxitektura va elementlaridan foydalanilgani, tejamkor texnologiyalar qo‘llangani, landshaft va interer dizayni kabi bir necha talablar asosida saralanganini ta’kidladi.
O‘nga yaqin loyihalar orasida Shohruh O‘rozov va Akram Raupovning ijodiy ishi 764 ball to‘plab, mualliflar birinchi darajali diplom hamda 100 million so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.
Ikkinchi darajali diplom va 75 million so‘m pul mukofoti bilan Aleksandr Kuranov va Orifjon Jalalov, uchinchi darajali diplom va 50 million so‘m pul mukofoti bilan Alisher Boqiyev taqdirlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122305 | Инструменты