O‘zbekiston prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari, prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov intervyu berdi. Uzoq yillar O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan diplomat intervyuda Markaziy Osiyo davlatlarining hamkorligi va ular o‘rtasidagi munosabatlar tarixiga to‘xtalib o‘tdi.
«Haqiqatdan, biz bugun bir juda tahlikali, bo‘layotgan voqealar va to‘qnashuvlarning oldindan oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan dunyoda yashayapmiz. Mana yaqin orada hammamiz guvohi bo‘ldik, qo‘shni mintaqada Hindiston va Pokiston orasida keskinlashuv yuz berdi. Hattoki kuzatuvchilar: «Bu ikkita davlat hozir katta urush boshlanib ketsa, yadro qurolini ishlatadimi?» deya savol berdi. Bu juda xavfli hodisa.
Shuning uchun biz doim qo‘shnilar bilan aloqalarni rivojlantirishimiz kerak, mana shunaqa xavflarni oldini olishga ham tayyor bo‘lishimiz kerak. Boshqa mintaqani olsak, masalan Yaqin Sharqda qancha muzokaralar bo‘ldi, uchrashuvlar bo‘ldi, xalqaro maydonda qancha davlatlar ishtirok etdi, shunga qaramay har kuni 10-100 odamlar vafot etyapti.
Uzoqqa bormasdan sobiq sovet ittifoqi hududida Ikkinchi jahon urushidan keyin hech qanday bunaqa katta, harbiy to‘qnashuv bo‘lgani yo‘q. Shunday keskinlashgan dunyoda zamonaviy qurollarning hammasi ishlatilyapti. Har hafta ming-ming odamlar o‘lib ketyapti.
Bitta savol tug‘iladi: mana shu to‘qnashuvlarda, qarama-qarshiliklar kimlar orasida sodir bo‘lyapti? Aksariyati qo‘shni davlatlar orasida.
O‘zimizning vaziyatni bir eslab o‘tmoqchi edim. 2016-2017 yillarda biz qo‘shni davlatlar bilan aloqalar keskinlashib ketganda, shu bitta xavfli nuqtaga taqaldik. Agar mana shu vaziyat o‘sha shaklda davom etganida, harbiy to‘qnashuv ham turgan gap edi. Shuni inobatga olib, Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganlarida Markaziy Osiyo tashqi siyosatda bizning ustuvor yo‘nalishimiz bo‘ladi, deb belgiladi.
Nima uchun? Nega deganda ko‘p muammolar yig‘ilib qoldi. Ochig‘ini aytish kerak, bunga qo‘shimcha o‘zimiz ham o‘z qo‘limiz bilan boshqa muammolarni ham yaratdik. Agar bular hal bo‘lmaganda, keskinlashib ketganda, juda bir yomon oqibatga olib kelardi.
Prezident tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan doimiy ravishda maslahat uchrashuvlari o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi . Hamma rahbarlar qo‘llab-quvvatladi, o‘tgan 6-7 yilda biz juda murakkab, og‘ir va nozik masalalarni, muammolarni hal qildik. Toshkentda, shu yil kuzda Markaziy Osiyo davlatlarining yettinchi sammitini o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Bugun Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro maydonda huquqiy subyekt bo‘lib o‘zini namoyish qilyapti», deydi Abdulaziz Komilov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60203 | Инструменты