Navbatdagi yalpi majlisda senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni ko‘rib chiqdilar.
Taʼkidlangandek, respublikada fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shaxs, jamoat va davlat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yaxlit huquqiy tizim yaratildi.
O'zbekistonda qonun ustuvorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda hamda ushbu organlarning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha tezkor va samarali qarorlar qabul qilishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga qaratilgan.
Mazkur Qonun bilan “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga maʼlumotlarni to‘plash, tezkor kiritish, niqoblangan operatsiya kabi tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish tartibini aniqlashtirishni, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlashni, tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda, shu jumladan kibermakonda va (yoki) uning imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘tkazilishi mumkin ekanligini belgilashni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunga jinoyatlarning holatlarini aniqlash, jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qidirish, shuningdek, jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan yoki bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish maqsadida ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanishga doir ichki ishlar organlarining huquqlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.
Bundan tashqari, “Maʼmuriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi Qonunga maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasada tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish mumkin ekanligini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu Qonun jamoat tartibini saqlashni va fuqarolar xavfsizligini yana-da ishonchli taʼminlashga, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52501 | Инструменты