Umid Obidxo‘jayev iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. Mazkur tayinlovga qadar u 2021 yil may oyidan beri Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Umid Obidxo‘jayev 1987 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2009 yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetini, 2014 yilda Yaponiyaning Keyo universiteti magistratura bosqichini hamda 2017 yilda Keyo universiteti doktorantura bosqichini iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2009 yilda Davlat mulki qo‘mitasining Tashqi aloqalar va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi yetakchi mutaxassisi lavozimida boshlagan. U 2014–2016 yillarda Yaponiyada Osiyo taraqqiyot banki institutining infrastruktura investitsiyalari bo‘yicha ilmiy xodim, 2017–2018 yillarda Osiyo taraqqiyot bankining Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi infratuzilma investitsiyalarini baholash instituti loyihasi bo‘yicha maslahatchisi, 2018–2019 yillarda Yaponiyadagi Keyo universitetida iqtisodiyot bo‘yicha ilmiy xodim lavozimida faoliyat yuritgan.
2019 yilda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Infratuzilma loyihalarini tahlil qilish guruhi rahbari vazifasini vaqtincha bajarib, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.
Shuningdek, Ilhom Umrzoqov iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari — Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktor lavozimiga tayinlandi.
Ilhom Umrzoqov Jahon bankida (2021−2024), shuningdek, Xalqaro valuta jamg‘armasida (2022−2024) ijrochi direktor maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2024 yilning mayidan beri Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktori sifatida ishlab kelayotgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121714 | Инструменты