Huawei 1
Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airways va Silk Avia‘ni ustun mavqega ega deb topdi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Uzbekistan Airways” va “Silk Avia” aviakompaniyalarini ustun mavqega ega deb topdi. 

Qayd etilishicha, “Uzbekistan Airways” hamda tarkibiga “Silk Avia” kiruvchi “Uzbekistan Helicopters” shuba korxonasi shaxslar guruhi sifatida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish bozorida ustun mavqega ega deb tan olingan. Xususan, ularning bozordagi ulushi 40%dan ortiqni tashkil etadi.

Bundan tashqari, “Uzbekistan Airways” xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi, yuk va pochta tashish xizmati bozorining 40%dan ortig‘ini egallaydi.

Har ikkita holat “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning tegishli moddasi bilan ustun mavqega ega, deya e’tirof etish uchun asos bo‘ladi.

Iqtisodiy konsentratsiya va iqtisodiyotda davlat ishtirokini nazorat qilish boshqarmasiga 3 kun ichida “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Helicopters"larga tegishli xabarnoma yuborish topshirilgan.

Hozirda “Uzbekistan Airways” yo‘lovchilar va yuklarni tashish, pochta tashish xizmati, “Uzbekistan Helicopters” esa qishloq xo‘jaligi aviatsiyasi xizmatlari bozorida ustun mavqega ega kompaniyalar sifatida reyestrga kiritilgan.

- Tovar yoki moliya bozorida quyidagilar ustun mavqe deb e’tirof etiladi:

- agar xo‘jalik yurituvchining yoki shaxslar guruhining raqobatchilari mavjud bo‘lmasa;

- agar xo‘jalik yurituvchining yoxud shaxslar guruhining bozordagi ulushi 40%ni va undan ortiqni tashkil etsa;

- agar xo‘jalik yurituvchi yoki shaxslar guruhi tabiiy monopoliya subyekti deb e’tirof etilsa;

- agar xo‘jalik yurituvchiga yoki shaxslar guruhiga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish yoxud olish uchun belgilangan tartibda mutlaq va eksklyuziv huquq berilgan bo‘lsa.

Oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 30 ming baravari (11,1 mlrd so‘m) dan kamroqni tashkil etuvchi xo‘jalik yurituvchining yoki shaxslar guruhining tovar yoki moliya bozoridagi holati ustun mavqe deb e’tirof etilmaydi. Bundan tabiiy monopoliya subyektlari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xo‘jalik yurituvchilar mustasno.

Xo‘jalik yurituvchining yoki shaxslar guruhining tovar yoki moliya bozoridagi ustun mavqeyi e’tirof etilgan kundan uch kunda vakolatli davlat organi bu haqda ularga xabarnoma yuboradi, mazkur xo‘jalik yurituvchining yoki shaxslar guruhining tovarlariga nisbatan narxlar davlat tomonidan tartibga solingan taqdirda esa bu haqda narxni tartibga soluvchi organga ham xabar beradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121714 | Инструменты