Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi munosabati bilan mamlakatning nufuzli nashrlari – “Chosun Ilbo”ning ingliz tilidagi platformasi “The Chosun Daily” hamda “The Korea Herald” gazetasida davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” mavzusidagi maqolasi chop etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi munosabati bilan mamlakatning nufuzli nashrlari – “Chosun Ilbo”ning ingliz tilidagi platformasi “The Chosun Daily” hamda “The Korea Herald” gazetasida davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” maqolasi chop etildi.
Maqolada O‘zbekiston – Koreya do‘stligining tarixiy asoslari va yuksak ishonchga tayangan alohida strategik sheriklik istiqbollari yoritilgan. Mamlakatlarimiz nafaqat vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlar, balki mushtarak qadriyatlar va insoniy rishtalar bog‘lab turgan yaqin do‘stlar ekani ta’kidlangan.
Koreya Respublikasining bir avlod davomida farovon, yuqori texnologiyali davlatga aylanishdek hayratlanarli taraqqiyot yo‘li alohida qayd etilgan. Seulning modernizatsiya va innovatsiyalar borasidagi boy tajribasi Yangi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda o‘zaro savdo 5 barobar oshdi, Koreya investitsiyalari 8 milliard dollardan ortdi. 700 dan ziyod qo‘shma korxona va loyiha mavjud, KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan dasturlar portfeli 3,5 milliard dollardan oshgan.
Yangi bosqichdagi hamkorlik sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transporti, biofarmatsevtika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va “aqlli shaharlar”ni qamrab oladi.
“Hamkorligimizning yangi sahifasini ochishimiz – alohida sohalardagi muvaffaqiyatli aloqalardan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirishga o‘tishimiz mumkin”,- deya ta’kidladi Prezidentimiz.
Maqolada 16-sentabr kuni Seulda o‘tadigan ilk “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitiga alohida to‘xtalingan.
Davlatimiz rahbari sammitda O‘zbekiston siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va sheriklikning yangi, samarali mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surish niyatida ekanini ta’kidladi. Ushbu takliflar “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, uni yanada tizimli, dinamik va uzoq muddatli mintaqaviy ustuvor vazifalarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
“Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi tinchlik, innovatsiyalar, o‘zaro ishonch va umumiy farovonlikka asoslangan hamkorlikning yangi makonini shakllantira olishiga chin dildan ishonaman”,- deyiladi maqolada.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91412 | Инструменты