O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov London Siti meri Maykl Maynelli bilan uchrashdi.
Britaniya tomoni O‘zbekistonda iqtisodiyotni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda taʼlim tizimini modernizatsiya qilish sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuqori baholadi.
"Respublikaning London fond birjasi bilan yo‘lga qo‘yilgan yaqin hamkorligini qo‘llab-quvvatlaymiz. Shuningdek, 21 may kuni ushbu platforma orqali O‘zbekistonning umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard dollarga teng navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarining jahon moliya bozorlarida joylashtirilganini olqishlaymiz. Bundan tashqari, biz Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz", - dedi u.
Uchrashuv yakunida Toshkent shahri va London Siti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish, London Sitida O‘zbekistonning investitsiyaviy, turizm va madaniy salohiyatiga bag‘ishlangan tadbirlarni birgalikda tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
London Siti London shahri tarkibiga kiradi va mahalliy hududdagi hukumat xizmatlari uchun masʼul bo‘lgan qolgan 32 ta tumanlar bilan birgalikda faoliyat yuritadi. U o‘zining mahalliy boshqaruv va qonunchilik organlari hamda politsiya xizmatiga ega.
U 1673-yilda birinchi bank bo‘linmasining tashkil etilishi va 1694-yilda Angliya bankiga asos solinishi bilan dunyoning birinchi moliyaviy markaziga aylangan. Hozirda London Siti yevroobligatsiyalar savdosi, valyuta ayirboshlash, fyuchers kontraktlari va jahon sug‘urtasi bo‘yicha tan olingan yetakchi hisoblanadi.
2022-yilda jahon bozoridagi kunlik valyuta operatsiyalarining (7,5 trillion dollar) 38 foizdan ortig‘i (2,85 trillion dollar) Londonda amalga oshirilgan. Hozirgi kunda ham global valyuta operatsiyalarini nazorat qiladi va dunyoda oltin narxlarini belgilashda asosiy rol o‘ynaydi.
London Sitida London fond birjasi, Angliya banki va “Lloyd” sug‘urta kompaniyasi, shuningdek, 500 taga yaqin xorijiy bank va moliya institutlari joylashgan bo‘lib, ularda 615 mingdan ortiq odam ishlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90422 | Инструменты