“Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” Iqtisodiyot va moliya vazirligiga qaytarildi – prezident farmoni

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-oktyabr kuni “Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Farmon bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga davlat sanoat siyosatini amalga oshirish hamda sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha vazifa yuklatildi. Ilgari bu vazifa Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga yuklatilgan edi.

Vazirlik endilikda mahalliy sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish, investitsiya, eksport, mahalliylashtirish va sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari uchun masʼul hisoblanadi.

Farmon bilan quyidagilar Iqtisodiyot va moliya vazirligining sanoatni rivojlantirish boʻyicha asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

  • yagona davlat sanoat siyosatini amalga oshirish va sanoat tarmoqlarini rivojlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish;
  • tabiiy xomashyo, mehnat resurslari va hududlarning “qiyosiy ustunliklarini” hisobga olgan holda sanoat rivojlanishini ragʻbatlantiruvchi sohalarni aniqlash va ularni amalga oshirishni muvofiqlashtirish;
  • sanoatning asosiy tarmoqlarini, jumladan, neft-gaz, energetika, kimyo, togʻ-kon sanoati va avtomobilsozlikni rivojlantirish, raqobatbardoshligini oshirish, diversifikatsiya qilish va isloh qilish boʻyicha strategiya va dasturlarni ishlab chiqish;
  • resurslarning tarmoqlar va hududlar oʻrtasida mutanosib taqsimlanishini va infratuzilmaning mutanosib rivojlanishini taʻminlash;
  • manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda energiya resurslari, qimmatbaho va rangli metallar, boshqa strategik resurslarni ishlab chiqarish, ularning isteʻmol balansini shakllantirish va nazorat qilish hamda ishlab chiqarish kuchlarini maqbullashtirish;
  • sohalarda mehnat unumdorligini oshirish, energiya va boshqa ishlab chiqarish resurslarini tejash, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish va ish samaradorligini oshirish uchun yangi mexanizm va yondashuvlardan foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish;
  • muhim sanoat mahsulotlarining bozor konyunkturasini oʻrganish, ichki bozor talabini tegishli mahsulotlar bilan qondirish va narxlarning keskin oʻzgarishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha taklif va chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda sanoat korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish.

Vazirlikda xalqaro konsalting kompaniyalarni jalb qilgan holda Sanoat siyosatini amalga oshirish va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha loyiha ofisi tashkil etiladi.

Loyiha ofisiga ham qator vazifalar yuklatilmoqda:

  • sanoatda iqtisodiy oʻsish “nuqta”larini aniqlash, hududlarda “drayver” sohalarni belgilash, yangi turdagi qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
  • sanoat tarmoqlarida ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxini pasaytirish va energeiyadan samarali foydalanish, shu jumladan resurs va energiya tejamkorligini oshirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish;
  • sanoat tarmoqlarining tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini tahlil qilish, mahalliy ishlab chiqarish korxonalarida samaradorlikni va mehnat unumdorligini oshirish siyosatini ishlab chiqish;
  • sanoat sohalarini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda davlat tomonidan samarali qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish.

Vazirlikka Loyiha ofisi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun, istisno tariqasida, xalqaro konsalting kompaniyalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты