Huawei 1
Maʼmuriy islohotlar doirasida taʼlim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda

Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida “Maʼmuriy islohotlar doirasida taʼlim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Maʼlumki, keyingi yillarda O'zbekistonda olib borilayotgan maʼmuriy islohotlar doirasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi, ushbu sohadagi bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.

Ayni vaqtda bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining maʼmuriy islohotlar doirasida transformatsiya qilinishi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi funksiyalari va vazifalarining alohida vazirliklarga o‘tkazilishi, shuningdek Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining qayta tashkil etilishi ularning rasmiy nomlanishini va vakolatlarini aniqlashtirish uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilishini talab etmoqda.

Mazkur qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligining nomlanishi va vakolatlari, shuningdek Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining nomlanishi aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Taʼlim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘rta maxsus, professional, oliy taʼlimni hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarini tashqi baholashning yangi tizimi joriy etilishini, kadrlarning malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashni, shuningdek nodavlat taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha vakolatlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi o‘rtasida taqsimlanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu qonun oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga, shuningdek davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan taʼlim xizmatlarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты