Senat tomonidan Sudyalar oliy kengashining barcha aʼzolarini saylash tizimi yo‘lga qo‘yilgani sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Senatning ushbu konstitutsiyaviy vakolati faqat nomzodlarni tasdiqlash bilan cheklanib qolmasligi kerakligi taʼkidlandi.
Yuqori palata qo‘mitalarida nomzodlarning faoliyati bilan tanishish va baho berish, ular haqida xulosa berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.
Shu bilan birga, sudyalarning maqomi va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asosini, sud tizimini moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratishda ushbu hamjamiyatning ishtirok etish kafolatlarini alohida qonunlar bilan belgilaydigan vaqt kelgani qayd etildi.
Majlisda Senat Raisi va uning o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Konstitutsiyaning 101-moddasiga muvofiq, Prezident Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga senator Tanzila Narbayeva nomzodini taqdim etdi.
Tanzila Narbayeva davlat va jamoat boshqaruvida boy tajribaga ega ekani, o‘tgan davrda shu lavozimdagi samarali faoliyati natijasida mamlakatimizda xotin-qizlar, bolalar huquqlarini taʼminlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vaziyat sezilarli ravishda yaxshilangani taʼkidlandi.
Shuningdek, Senat Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga senator Sodiq Safoyev, Senat Raisining o‘rinbosari lavozimiga senator Amanbay Orinbayev nomzodlari tavsiya etildi.
Ayni paytda majlis davom etmoqda. Senat faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish hamda Prezidentning senatorlar bilan muloqoti boshlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111915 | Инструменты