Namangan viloyatida 129 ta noruda konidan 29 tasiga sanoat kirib bormagan. Bu konlarda yangi loyiha qilaman, degan tadbirkor ko‘p.
Jumladan, ular keramogranit va bazalt tola ishlab chiqarmoqchi. Bundan tashqari, Chustdagi “Alichelek” mis koniga Xitoylik investorlar 200 million dollar sarmoya kiritishga tayyor.
Viloyatdan qo‘shni davlatlarga eksportning hozirgi ko‘rsatkichlari bor imkoniyatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi ko‘rsatib o‘tildi. Qo‘shni davlatlarda savdo uylarini ochish bo‘yicha muzokara o‘tkazish muhimligi taʼkidlandi.
Viloyat sanoat mahsuloti va meva-sabzavoti asosan Toshkent va Andijon orqali eksport bo‘layotgani tannarxning o‘sishiga olib kelayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga Namangan xalqaro aeroportidagi bo‘sh maydonda yuk terminalini ishga tushirish, Namanganni Qamchiq dovoniga yaqin hududida logistika markazini tashkil etish, Nanay qishlog‘i hududidagi sobiq “Karvon” bojxona nazorat maskani faoliyatini tiklash topshirildi.
Qirg‘iz tomoni bilan kelishilgan holda “Uchqo‘rg‘on” bojxona postini ishga tushirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Chegara posti yaqinida Xitoylik hamkorlar bilan “Uchqo‘rg‘on-Kensay” logistika markazini barpo etish rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110709 | Инструменты